Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 203192 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 ... 52 B


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:37:46

Kap-katta, salobatli odam o‘zini bunday kichkina olib, iltijo etib tursa... g‘alati bo‘lib ketdim. Mutaassirlanib, ichim allatovur tovlanib, qaradim. Boyagi g‘ashliklarning urvog‘i ham qolmagan edi:
— Sekinroq aytasizmi,— dedim iyib kelib,— bor davlatimiz shular-ku — xolalarimiz, tog‘alarimiz-ku.
— Nimasini aytasan! Qadrlariga yetmay qayoqlarda yuribmiz, nimalarga ovoramiz?! — U pushmonini yashirmay bosh chayqay-chayqay tizzasiga shappalab qo‘yar- di, — kim kunda, kun ora kirib xabar olibdi, ziyorat etibdi, duolarini olib qolibdi — o‘sha chin yutuqqa erishibdi! Odamdan qoladigani shu-ku. Biz nima qila olibmiz?
Shu holatda mashinani tepada qoldirib, «JAR»ga tusha ketdik. Pastga qadar aylanib tushib borgan jin ko‘chaning qay bir qayrilishidagi yakka tavaqali ko‘k eshikning yo‘lagidan o‘tib, kaftdek hovlining bir chekkasidagi supada ikkitadan jigar kabobu bir talinkadan xasip yedik. Men ko‘pdan bunday tansiq taom yemaganimni shunda esladim. O‘zimizam ovro‘pacha oshxonalarda pishirlgan sovuqmijoz narsalarga ko‘nikib ketib, chimtomoq bo‘lib qolibmizmi, bundan ortig‘iga yaramadim. Ammo ta’mi og‘zimda qoldi. Kimsan, muxbir bo‘lib ham shunaqa joylar borligini bilmas ekanmiz. Bu yerda hatto ovrupocha kiyingan, (dunyoning teskariligini ko‘ring!) ayollari sirib shim kiyvolib, erlari xalitdan tizzasi ochiq kalta bir narsaga o‘tgan xorijliklar chug‘irlab yurishar, bu tuproq tomli pastak uylarning sodda-to‘pori egalari shunaqa lazzatli taomlar tayyorlay olishlariga besh ketib, ular turadigan mazgillar, bu tik ko‘chalaru tor yo‘laklarni, so‘ri ostidagi supachalarni, norin tog‘oralaru xasip solingan qozonlarni suratga olib charchamas edilar. Qay birlari bu tansiq narsalardan ko‘proq yeb qo‘yganmi, yuqorilab ketgan aylanma yo‘ldan ko‘tarilolmay mishillab qolgan edilar.
— Ochopat xayitda o‘ladi, degani shu-da. Bular nafsidan bo‘lak nimani biladi? — dedi Olim akam ijir-g‘anib.
— Tansiq-da, bular uchun. Ekzotika qidirib kelishgan axir, — dedim men. — Boshqa nima g‘amlari bor?!
— G‘amlari shu-da, dunyoning lazzati. Olloh ham niyatga qarab beradi, — dedi u.
— Nimani? — dedim uni anglay olmay.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:38:08

— Bu dunyosini-da. Oxiratini o‘ylarmidi bular.
Hayratangiz hol: akam ilgarigi Olim emas, birov uni almashtirib qo‘ygandek edi. Fikri ham boshqacha, qarashi ham. Biz o‘lsak ham bunday deya olmaymiz. Lekin akam o‘ylab o‘tirmay aytib tashlayapti. Nima bu? Dunyo ko‘rgani alomatimi yo atay o‘zini menga ko‘rsatib qo‘ymoqchimi? Tushunolmadim. Nimadan ijirg‘anyapti? Badnafsliklaridanmi yo qadamlari shu yergacha yetib kelganidanmi?
— Biz yurtimizni qizg‘anishni ham unutib qo‘yayapmiz shekilli. O‘tir, tashlab qo‘yaman. Ishingni ham bitirib ketaqol, — dedi u tepaga chiqib.
— Vaqtiz... — dedim xijolatga tushib.
— Vaqt nima! Mashinaga besh minutli yo‘l. Agar ishing tezroq bitsa, kutib turishim ham mumkin, behazil, — dedi u.
— Yo‘q, rahmat. O‘tadigan joylarim, gaplashadigan kishilarim bor, ushlanib qolamiz, — dedim shosha-pisha. Ochig‘i, Chaman akaning uyini unga ko‘rsatgim yo‘q. Bilib bo‘ladimi!
— O‘zing bilasan,— dedi u tulporini jildirib.— Ammo ertaga bir vaqt ajratsang: anuv Ilhom sutchinikiga o‘tib kelardik. Adam rahmatlining qarz salomlari bor. Surishtirib qo‘yarsan?
— Surishtirishga-ku, surishtiraman, lekin ertagacha topib bo‘larmikan? Yong‘iz odam... qayoqqa ko‘chdi, kimning qavatiga bordi? — dedim rostiga ko‘chib.
— Nima, bola-chaqasi yo‘q, so‘qqaboshmikan? — dedi akam bir g‘alati hayratga tushib. U yalt etib qaraganidan sezdim, bo‘lmasa e’tibor bermayotib edim.
— Bor, deb eshitganman. Lekin bordi-keldi qilishmas ekan.
— Qiziq-ku?! Issiq-sovug‘i-chi, kim qaraydi ekan? Shunday odam bilan yuzko‘rmas bo‘p ketishmagandir, axir?
— Bilmadim, biz esimizni tanibmizki, sutchilik qilib, yolg‘iz turadi.
— Tarki dunyo qilganmi yo? — dedi Olim akam ishonqiramay. Nimaga bu odamga qiziqib qoldi — tushunolmasdim.
— Darvesh bo‘lib... darvesh emas. Faqat qanaqadir odamoviroq.
— G‘alati, — deb taajjublandi akam, ammo qaytib boshqa so‘ramay qo‘ya qoldi. Iymandimi yo boshqa gap bormi, bilolmadim. Sag‘bondan o‘tib, Xasti Imomga burilgunimizcha ham jim bordi. Men esam endi uni gapga solishga jur’at etolmay, bu qadar uzoq sukutga ketganidan xavfsirab o‘tirardim. Tushunuksiz bor hol: qarz salomini yetkazadigan odamni shunchalik surishtirish zarur ekanmi?

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:38:23

— Har ehtimolga qarshi manavini opqo‘y, — dedi u nihoyat jimitdek mezbonqog‘oz uzatib. — Qo‘ng‘iroqlasharmiz, bo‘ptimi?
— Yaxshi, ishlarimdan qutulishim bilan qilaman,— dedim maydonga yaqin joyda tushib qolayotib.
— Uyda bo‘lmasam, ishxonamdan topasan. Tortinmay so‘rayver, — dedi u.
Demak, ishlaydi. Uzilishib ketmagan ilgarigi xizmatidan. Sutchini zo‘r berib surishtirishi ham bejizmas.
— Yaxshi, — u haqda yana yomon xayolga bora boshlaganimdan xijolatga tushib, mashina eshigini tez yopaqoldim.
U jilmayibgina im qoqdiyu zig‘ircha ham shubhaga bormay jo‘nab ketdi. Men uyalib qolaverdim. Eng yomo-ni — o‘zimga taskin beradigan so‘z topolmasdim. Dunyoda birov haqda yomon fikrga borishdan yomoni yo‘q ekan, tavba.
Lekin Olloh o‘zi kechirsin, boshiga shuncha tashvishu ko‘rgiliklar tushib turgan bu xonadonni, uning egalarini har kimga ma’lum qilib ham bo‘lmasdi-da. Qolaversa, Chaman akamni Olim akam tanimasa ham mayli ekan...
Bir chiroyli tarab qo‘yilgan toklar tekis sho‘ralay boshlabdi. Oldi (kungay tomonlari) bir ajo- yib — jimit barglar yozib oftob nurini ema ketganlar.
Ko‘klam ishkomlar ustiga ko‘k yopinchig‘ini yopish harakatiga tushgan bo‘lsa-da, hov — tepadagi ovloq hovuzning gir atrofiga saflangan qora tollar allaqachon orolanib, shamolda chayqalib yotibdilar. Faqat hovuz jonivor necha yildirki, suv ko‘rmagan. Ariqlarni tozalab, suv ochib kelguvchi kimsaning o‘zi yo‘q, Chaman akam o‘sha ketgancha bedarak. Yana qanaqa omonat qoldiribdi ekan menga? O‘sha kelganida beraversa bo‘lmas ekanmi? Yo shunday tayinlaganmi o‘zi?
So‘ri tagida to‘xtab, chaqirganimdan so‘nggina ichkaridan sarvdek bo‘lib opasi chiqib keldi. U uzun sariq atlas ko‘ylakda edi, taqimiga tushib turgan yo‘g‘on ikki o‘rim sochi undan-da bo‘ychan ko‘rsatardi uni.
— Keling, keldizmi? — dedi u tang‘igan ro‘molini peshonasiga tushiribroq o‘rab. Mulozamat — ayol kishining ko‘rki-da, qarang, unga ham yarashayotib edi. Faqat hamisha chirsillab, yuzidan zahar tomib turguvchi bu ayoldagi o‘zgarish — tushunuksiz edi. Chindan asrandisiga achinyaptimikan? Borida turtkilab bir yerga yetarkan, endi qadri o‘tibdimi?
Men salom berib, yaqinlashib bordim. Ammo ich-ichimdan hayiqib turibman.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:38:35

— Yaxshi o‘tiribsizlarmi, xolamoyim bardam-baquvvatmilar? — dedim cho‘chibgina.
Bilib bo‘ladimi, bu zaqqumoyni? Chindan ham uning zuluk qoshlari chimirilib tushdi.
— Anuv tentiraganning yurishini ko‘rmaysizmi? — dedi boshlamasiga.
— Kim? — debman anglab-anglamay.
— Hamisha shu! Bir ketsa — badar ketadi! Na uyini o‘ylaydi, na joyini. Bilmadim, oyim ko‘chaga tuqqanmilar uni!..
Tushundim! Chaman akamni yanib boryapti. Yanigandayam oyisiga eshittirib, uzib-uzib oladigan qilib sannab boryapti. Sal bundayroq aytaversa, boyaqishni ayasa bo‘ladi-ku, yo‘q, fe’li shunaqa, albatta, nishini birovga suqib turishi kerak!..
Meniyam ichimdan bir narsa toshib kela boshladi:
— Meni shunga chaqirganmisiz? — dedim ergashishdan to‘xtab.
U xushi uchib qayrildiyu avzoyimni ko‘rib (qarasa, burilib ketvorishdan ham toymayman!) yumshadi, yuziga binoyi odamlik siyohi yugurdi:
— Voy, ma’qib turibsiz, kelavurmaysizmi?
Men ham «o‘zizzi gapizzi qarang, zardangizni qarang!», deganday chimirildim.
U qo‘l silkidi:
— Men qo‘yavering, e’tibor qilmang. Azbaroyi to‘yib ketganimdan aytaman-da, — deb yorildi. — Ilgari qanaqa edim, xo‘... bilmaysiz. Hammasi anuv sho‘rtumshug‘imdan boshlandi. Bo‘lmasa, yuruvdim sannab-sannab, gar-gar kekirib... Hech kimga so‘z bermay. Ba’zan zaharimni sochib, ba’zan nazarimga ilmay. Bu turmush deganlarigayam tupurib... Shu bola shunaqqib ketdiyu... — U endi yonimga tushib olib, dardi dunyosini to‘kib borardi, — men uni «Ha, arazladi-da, bir», deb o‘tiribman. U bo‘lsa, nima qilib ketibdi!..
— Nima qilib ketibdi? — dedim men o‘girilib.
U to‘xtab, hamma gap shunda-da, deganday im qoqdi:
— «Groy»lik qip ketibdilar, o‘zlaricha.
— Yo‘g‘-e, — dedim ishonolmay.
U yaqin kelib qulog‘imga bir narsa demoqchi bo‘lib edi, yalpiz hidi gurkirab ketib, uning bo‘yiga esim og‘di. (Qulog‘ida yo ko‘ksida ekanmi, yalpiz jonivor, bilolmadim). U shipshidi:
— Oyimlarga aytib o‘tirmang-u... anuv, baloga yo‘liqqurginaning Yodgorini qidirib kelganlar shunga yo‘liqqan chiqadi. Bo‘lmasa, men Yodgorman deb ketvoradimi? — U nari chekilib, yana yalpiz hidi gurkiradi. Uning bo‘yi shunaqa tansiq, shunaqa toza ediki, dimog‘izga urilishidan odam o‘zini yo‘qotib, olamni unutar edi.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:38:47

— O‘z ko‘ngillarida meni bir kuydirmoqchi bo‘lganlar-da.
— Yo‘g‘-e, bola-ku, hali. Qolaversa, qaysi bola onasiga yomonlik sog‘inadi, — dedimu tilimni tishlab qoldim. Men o‘zim sezmay qovun tushirib qo‘ygan edim, orqasidan siporishlashga urindim: — Shoshmang, bu gapni... qaerdan oldingiz?
— Qaysi, Yodgorman deb ketvorganinimi? Ko‘chovzadigilardan-da. Bolalarni o‘rtasida gap yotarmidi, — keyin men tomon engashib, shivirladi: — Oyimlarga bildirmay qo‘yaqoling, keyinam nechtasi so‘roqlab kelib-ketdi.
— Nechtasi? Kimni so‘roqlaydi? — Tushuna qolmasdim men.
— O‘sha kennoyizni arzandasini-da, kimni bo‘lardi.
Yuragim shuv etdi:
— Qaerdan is ola qolishibdi?
— Bilmasam...
Biz yuqoriga qarab yuraverdik, lekin mening ichim g‘urmishlagandan g‘urmishlab boryapti.
— Nima istaydilar? Aytmaganingizga qo‘yishmayaptimi? — dedim qo‘rqa-pisa.
Asal opaning qoshlari chimirildi:
— Siz menga oson tutmang, opovsi, — dedi fe’li ayniy boshlab, — o‘zimniki yetmaganday, unikiga ham kuyishim kerakmi? Dalaga opketishgan, dedim.
— Bekor qilibsiz shuni, — dedim og‘rinibgina.
U yalt etib o‘girildi:
— Nima, topib borishdimi?— dedi sarosimalanib.
— Shunga o‘xshashroq, — dedim mavhum qilib, asli o‘shalarmi, boshqalarmi — bilmasdim. — Necha kishi edilar?
— Kim?
— O‘sha kelganlar-da.
— Ha, ularmi? Bittasi aniq esimda: juda po‘rim kiyinib opti-yu, o‘zi chetda turibdi. Qolganlari bozorning bolalari edi shekilli.
— Qiziq, — dedim men, — qaerdan bila qoldiz?
— Tilidan-de, shu o‘zimizni Toshkanni «votti-votti» bollari.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:38:59

— Shu xolosmi?
— Tag‘in bittasi kelganmish sambitdek yigitcha men yo‘g‘imda. Oyim biladilar.
— Qaerdanligini aytishmadimi? — dedim ichim toshib.
— Ijroqo‘mdanmiz, debdi shekilli.
Ichim shuv-v etdi: Aniq o‘shalar! O‘z idorasining nomi qolib, ijroqo‘m soyasida yurguvchilar! Qolaversa, bu sochi uzun — aqli kaltalarga hech zamonda to‘g‘risini aytarkanmi?! Boshqa kim ham bo‘lishi mumkin?
Birdan ichkariga kirmayin ham... ketvorgim kelib ketdi! Hali biznikiga borganlar ham shularga tegishli chiqmasa edi?!
Ichim g‘urmishlab, Asal opaning yuziga termul- dim:
— Har gal yolg‘iz kelarmidi?
U dabdurustdan tushunmadi:
— Kimni aytasiz?
— O‘sha ijroqumni bolasi-da.
— Ha, yo‘q. O‘zi ikki martagina kelibdi. Anuvlar esa almisoqdan qolgan «Pobeda» minib olishibdi, tag‘in dimog‘laridan qurt yog‘iladi.
— Tushunarli, — dedim-u, lekin o‘la qolsin, agar bir narsaga tushungan bo‘lsam, kim yuborgan ekan ularni? — Xatni ko‘rsam bo‘ladimi? — dedim nihoyat.
— Aytmoqchi, hozir opchiqaman, ungacha oyimlar bilan ko‘risha turing, — deb u o‘z uyi tomon yurdi. Rosti, bu o‘ziga toza bino qo‘ygan juvonning unchalik ham aqlli emasligiga hayron qolib turardim. Shu husn, shu qad, shu ko‘rkni bergan Xudo uni nainki farzanddan, ozgina aqldan ham qisgandek edi. Bo‘lmasa, birovning bolasi, ko‘zining oqu qorasini (aniq aytmagan taqdirda ham!) qayoqqa olib ketganimizni aytadimi? Men bilmayman, desa olam guliston-ku, O‘zini yoqtirmasa, bolasiga achinmaydimi? Ona bo‘lib ko‘rmasa, qiyin ekan-da.
Oyto‘ra buvi bir boshqa olam edi, o‘sha o‘tirgan yerida qalampirmunchoqmi, mushk-anbarlar hidigami ko‘milib, o‘sha-o‘sha oq-oppoq bo‘lib o‘tirar edi. Mening ovozimni eshitgandayoq bir g‘alati jonsaraklik bilan yo‘limga ko‘z tikib o‘tirgan ekanlar, ko‘ra yuzlari oftobdayin yorishib ketdi.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:39:11

— Voy, o‘zim aylanay, mirzo yigitdan. Bormisiz, bo‘ylarizdan o‘rgilay, keling.
Men engashib, yelkamni tutib bordim. U kishi bag‘riga tortib, kuraklarimni silay ketdi.
— Voy, bolaginamning suyangan tog‘ginasi, ishongan bog‘ginasi. Yaxshiyam siz borakansiz. Sizni ko‘rib sog‘ingan ko‘ngillarimiz bir xotirjam tortdi.
Xontaxta o‘rniga ham ustiga yalangqavat bir narsa tashlangan kursi yoniga cho‘kib:
— Tinchlikmi, buvi, qanday o‘tiribsizlar? — dedim duodan so‘ng.
— O‘tiribmiz, mirzo bolam, o‘tiribmiz. Qarang, kelganiz qanday yarashib turibdi. Qadamlarizga xasanot, uylarimizni to‘ldirib yubordingiz, — derdilar buvi hech yerga sig‘may. Faqat o‘tirgan yerlaridan turolmasdilar. Turolsalar, bilmadim, qanday aylanib-o‘rgilar ekanlar ustimda. Tavba, bu ayol qariganda shunchalik, yoshligida qanday o‘tgan ekan? Yuzlaridan yog‘ilayotgan bu nur qaydan balqib chiqib kelayotibdi — hech ado bo‘ladiganmas. Ikki og‘iz shirin gapirsalaroq yo suyib tikilsalar bas, balqib chiqib kelaveradi, chiqib kelaveradi.
— So‘ratgan ekansiz, — dedim iymanib.
— Ha, aytmoqchi, Chamanimdan odam keluvdi.
— Odam?! — dedim hayratga tushib: qaysi birini aytayaptilar ekan?
— O‘sha, o‘zining ob-havo ishxonasidan. Sambitdek yigitcha.
— Qanaqa ishxona? — Sambitdek yigitchani fahm-lagandek bo‘ldim-u, lekin ishxonasiga... tushunmadim. Chaman akadek bexalovat odamning qo‘nim bir ishxonasi borakanmi?
— Voy, o‘sha tog‘-toshlardagi gadoytopmas istansalargami — shularga qaraydi-da... Oylab badar ketishi shundan, bolam, — dedilar buvi hamma onalarga xos bir sodda-do‘lvorlik bilan. Yo menga shunday tuyuldimikan? Lekin o‘zim bu gapni eshitib ang-tang qolgandim. U kishi esa yuzlariga bir xotirjamlik inib, tushuntirar edilar:
— Shunaqa badar ketganida, uzoq-uzoqlardan bir-bir idorasiga xabar berib, uyga odam yuborib qo‘yadi. Bizzi so‘rab, ham xotirjam torttirib. Yubormasa, nima qilardik? Duoi jonini qip o‘tirishdan bo‘lak nimaga yarardik? Ilo-oy, sog‘-omon ko‘rishtirsin O‘zi...
Mening xayolimda esa tamomi boshqa o‘ylar g‘ujg‘on uradi: ob-havoni kuzatish idorasi?.. Qanaqa «ob-havo»yu qanaqa «kuzatish»? Hech tasavvurimga sig‘masdi Chaman akaday bir odamning shunaqa ishda ishlashi, istansalarma-istansa aylangani ketishi. Mening tasavvurimda u tamomila boshqa ish bilan «sanqiy»digandek edi. Hozir qay biri haq-rostligini ajratolmay sarang edim.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:39:23

Ammo bitta narsadan ko‘nglim to‘q: Asal opa o‘sha o‘zi ko‘rolmay qolgan sambitdek yigitcha... biz o‘ylagandek g‘alati so‘roqlab keluvchi emas, Chaman akaning ishxonasidan ekan. O‘z odami ekan. Bundan hiyla xotirjam tortib so‘radim:
— Yaqin orada qaytib qolarkanlarmi yo boshqa gap bilan keptimi?..
— Yaxshi esimga soldiz, unutay debman. Sal ushlanib qolayotgan ekan, tayinlab yuboribdi. Sizga tegishli gap, — buvi ovozlarini pastlatib, tashqari hovliga alanglab oldilar. — Atay Asalim yo‘g‘ida kelib, aytib ketdi.
Men bu gapdan hayron qolgan edim:
— Yo‘g‘ida aytib ketdi?
U kishi ma’noli bosh silkidilar:
— Yodgorimizni ayasini sizga tayinlab ketgan ekan, shuni...
— Tayinlab ketganlar, to‘g‘ri, kami borakanmi? Nima deydi?.. — dedim yuragim po‘killab. Operatsiadan xabar topa qolibdimi yo?... Shunga ko‘ngli tinchimay...
— Bilmadim nega, javob tegishi bilan dalangizga opchiqib ketarkansiz. Yodgoriniyam, o‘ziniyam...
— Nega, tinchlikmikan? — dedim ichim allatovur simillab.
— Bilmasam... Juda qattiq tayinlabdi. O‘zi tushunadi deganmish.
— Tushunadi?! Kim, menmi? — dedim battar xavotirim ortib.
— Ha, bolam, sizni aytdi.
Ammo mening ichimda tushunuksizdan-tushuniksiz bir qo‘rquvlar uyg‘onib kelar edi. G‘alatidan g‘alati xabar. Chaman akam o‘sha yoqda turib nimaning isini sezibdiki, meni qidirib qopti? Yodgorni so‘roqlab kelishlari, Kemshiktoyning «Men Yodgorman» deb ketvorishlarida... hammasida chindanam bir sir bordek edi. Endi bunday topshiriq!.. Rostdan ham ob-havo o‘sha Tangritog‘ tomonlardan aynib kelayotgan ekanmi? Ular Sulton akamning o‘zi qolib, endi ayolini izlab qolishgan bo‘lsa-chi? Chindanam qo‘rqqulik-ku! Es borida etakni yopgulik-ku!
— O‘sha yigitcha har ehtimolga qarshi Sizning adresizzi yozib oldi. Qang‘lida turishadi, dedim...
— Kim? — dedim daf’atan anglab yetmay.

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:39:34

— O‘sha Chaman yuborgan yigit-da, bolam, kim bo‘lardi?
— Ha-a, — dedimu birdan nafasim ichimga tushib ketdi. — Shoshmang, u Chaman akam bilan ishlasa, o‘zlari yuborgan bo‘lsalar, adresimni aytmabdilarmi? G‘alati-ku, — dedim buviga.
— Voy, shuni ayting. Menam laqqa tushibman-ku. Chamanim aytsa kerak edi, — dedilar bo‘shashib.
Men ijikilab so‘rashga majbur edim:
— Ilgariyam kelganmi hech?.. Chaman akam borlarida?.. — dedim aqlim bir tiniq ishlay boshlab.
— Sambitdek yigitchami? Yo‘q, endi ko‘rishim shekilli, — dedilar yuzlariga ajinmi-nima ina boshlab. (Lekin ajabki, bu ajinlar ham yuzning ich-ichidan balqib chiqmoqda bo‘lgan, anuv ipakday muloyim nurni yo‘qatolmas edi.) — Siz uni kim deb o‘ylaysiz?— dedilar u kishi tashvishlanib.
— Hayronman. Chaman akam tayinlagan bo‘lsalar, ishxonamdanoq topib olardi. Bu yerdan izlab yurmasdi.
— Ha-ya, shuni ayting. Bizni xo‘b avrab ketibdi-mi, a?
— Bilmasam-bilolmasam,— dedim men, — uyga borsam, ma’lum bo‘lmasa, hozir bir narsa deyish qi- yin.
— Voy, men esi yo‘q, Chaman desa, laqqa tushi- ib o‘tiribmanmi? Qaytta turishizzi aytib beribmanmi?.. Voy, men — esxonasi uchgan! Nima qip qo‘yibman?
Oyto‘ra buvi azza-bazza o‘zini qo‘yarga joy topolmay adyol ostida tosh qotgan oyoqlarining tizzalariga shappalagancha, aytib kuyinar, qo‘lini tizzalariga har tashlaganda, o‘zining zalvoridanmi, alamining zo‘ridanmi, karavot lopillab silkinar, kampirning o‘zini ko‘tarib tashlagudek bo‘lar edi. Shunaqa kuyib ketibdi.
Men esa u kishining qo‘llariyu tizzalariga yopishib, bir nimalar deb tasalli berib yotibman.
— Voy, xolamoyijon, axir Sizda nima gunoh, tinch-laning. Hali hech gap yo‘q-ku. Men to‘g‘ri o‘sha shifoxonadan kelyapman-ku. Tinchlik-omonlik-ku.
O‘zim shunday deyapman-u, ichim sidirilib tushib boryapti: O‘zi bugun bir o‘limdan qolgani bilan bu yoqda hali shuncha xatarlar turgan ekanmi? Endi nima qilamiz? Tuzalmay turib, shifoxonadan qanday opchiqib ketay? Yodgormurodni-chi, qaerdan topdim?..

Qayd etilgan


shoir  27 Sentyabr 2007, 14:39:54

* * *
Uyga qanday yetib kelganimni bilmayman. Shunaqa vaqtda o‘zi bir belgi beradi shekilli: ich-ichimdan g‘ulg‘ula aralash bir qo‘rquv turib, bosh ko‘tarib kelyaptiki, oqibatini eslasam... nafasim ichimga tushi-ib-tushib ketardi. U yog‘ini o‘ylashga hatto jur’at etolmasdim.
Uyga kirsam, qo‘rqqanimdek, «Amaqujon!»lab chopqillab keladigan bolakay na hovli sahnida ko‘rinar, na ichkaridan ovozi chiqardi!
Uylarimiz allaqanday huvillab qolgandi.
— Yodgor qani, bola qani? Kim opketdi uni? — deb baqirib yuborayozdim ayolimga.
— Voy, adasi... o‘ziz bilarkansiz-ku...
— Kimni bilarkanman?! Nimani bilarkanman?..
Saida ko‘zlarini pirpiratdi:
— Buvasi... — dedi duduqlanib.
— Nima, buvasi?
— So‘ratibdimish-ku, ko‘rgisi kelib.
— Shu gapga ishonib o‘tiribsanlarmi? — deb yubordim umrimda birinchi marta sensirab. — Kim keldi, qanday nobakor?
Mening ovozimga oyim uylarini ochib, ostonada ko‘rinish berdilar. Joynamoz ustida tasbeh aytib o‘tirgan bo‘lsalar, qo‘rqitib yuboribman shekilli, deb sal past tushdim.
— Telefonim bor, ishxonam bor, men o‘lgani ketgan emasman-ku, xabar qilmaysizlarmi?
— Qildim-ku, adasi.
— Bo‘lar ish bo‘lib, bo‘yog‘i o‘chgandan keyin...mi?
— Ha, bolam, o‘zingni bos, — oyim ayvonga chiqiboq gilam ustiga cho‘ka qoldilar. — Hammasi sen qo‘rqqanchamas. Kelinga aytmovdim. Mana, xat tashlab ketgan, — dedilar nimchalari cho‘ntagidan buklog‘liq qog‘oz chiqarib.
Qarasam, tumor xat. Qo‘llarim titrab ochdim: «Uka, To‘ra buvaning iltimoslari shunday bo‘ldi. Yodgormurod jiyanchamizni yana ham bexavotirroq joyga ola ketdik. Uzr, kutolmadik. Qisinmang judayam. Men o‘zingiz bilgan Zohidxonman»...
— Chin-mochinni otliqqa ham topilmas qora kostum-shimida... sal boyvachcharoq ko‘rindi, xolos, bo-lam, — derdilar kamiga oyim.
— E, o‘sha Zohidxonmi!..
Oyim erkin tin oldilar:
— Ana, tanirkansan-ku, bolam. Odamni yuragini chiqarib yubording.
Taniganda qandoq! Kennoyimga tabib izlab borganimda kimni uchratibman?! O‘sha keptimi?
Unda sambitdek yigitcha kim? Chaman akamning nomidan uylarigacha izlab borgan? Yodgorni so‘roqlab yurgan? Bularga qanday dahli bor?
Tagiga yetib ko‘r-chi, bu jumboqni!
Men hotirjam tortishimni ham, tortmasimni ham bilmasdim...

Qayd etilgan