«Qo‘limizda hech qanday qog‘ozimiz yo‘q, hozirgi zamonni ko‘rib turasiz, o‘zimizdan cho‘chigan kishilarmiz, chegaradan o‘tib, Koshg‘arga bormoqchi bo‘lamiz», dedim. Mening bu so‘zlarimga ishonib, boshqa gumon qilmagan bo‘lsa ham, otkaz mollar bormi xayoli bilan bizga qarab: «Mehmonlar, xafa bo‘lmanglar, qonun bo‘yicha xurjunlarni qarashimiz kerak», deb menikidan boshlab qaragan edi, qo‘liga kitob chiqdi. Boshqalarnikini ham ko‘rganday bo‘lib, so‘ngra aytdi: «Sizlar yaxshi kishi ko‘rinasizlar, barimiz musulmon bolasimiz, buning ustiga qo‘linglardan non yeb, tuz tatib qoldik. Bizning boshchimiz o‘ris, sizlarni ko‘rib qolsa, Noringa qaytarib haydashdan tortinmaydi. Endigi bizning yordamimiz shulki, bu cho‘ng yo‘lni qo‘yib, haligi yo‘linglarga kirsanglar Beloshuv orqali o‘tib, chegara soqchilaridan besh chaqirim yuqori Toshrabotga tushasizlar», deyishdi.
Biz uchun 6u kabi g‘amxo‘rlik qilishini undan kutmagan edik. Bu so‘zni anglashimiz bilan uni olqishlagan holda orqaga qaytib, Qo‘shmoq hojim boshchiligi ostida yo‘lga tushdik. U yerda peshin nomozini o‘qib otlangan edik. Ikki tog‘ orasidan suv bo‘ylab yurganimizcha uch to‘rt soatlardan keyin Beloshuv dovoniga yetib keldik. Qarasak, dovon o‘rtasida bir chaqirimcha yer oppoq qor bilan qoplangan bo‘lsa ham, narigi kun chiqar tomoni ko‘rinib turardi. Biroq ko‘klam vaqti kelib, qor yumshab qolganlikdan, qaerga ot solsak, qulog‘igacha qorga ko‘milib, bir bosim olg‘a yurishga yo‘l topolmadik. Endi bir yokdan kechqurungi tog‘ izg‘irin sovug‘i suyagimizdan o‘tib borayotgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, tun qorong‘usi yaqinlashmoqda edi.