— Bir kishi borib, o‘n ikki yoshli Muhammadni olib keldi. Buhayra muqaddas kitobda o‘qigan oxir zamon nabiysiga oid belgilarni bolada ko‘rdi. Ziyofatdan so‘ng Buhayra Muhammadni (s.a.v.) chaqirib, g‘oyat noziklik bilan so‘radi:
— Sendan bir narsa so‘rasam, Lot vaUzzaga bo‘lgan muhabbating haqqi to‘g‘ri javob berasanmi?
— Lot va Uzza uchun menga qasam ichirmang. Men sanam-butlardan juda qattiq nafratlanaman.
— U holda Alloh uchun haqiqatni ayt.
Buhayra unga bir qancha savollar berdi. Oxir zamon nabiysiga oid belgilarni ilg‘ab olgach, ikki yelkasi orasidagi muhri nubuvvatni ko‘rishni istadi. Nubuvvat muhrini ko‘rib, ko‘zlariga yosh oldi, uni yuz-ko‘ziga surdi.
Karvondagilar Buhayraning Muhammadga (s.a.v.) hurmatini ko‘rib, hayratlanishdi. Buhayra Muhammadning (s.a.v.) amakisi Abu Tolibdan so‘radi:
— Bu sharaf va saodat niholi kimdir?
— O’g‘lim bo‘ladi.
— Yo‘q, u yetim bo‘lishi kerak.
— Ha, u ukamning jigarporasi. Ota-onasi vafot etgan, hozir mening qaramog‘imda.
Buhayra bu gapni eshitib mamnun bo‘ldi va: "œYo Abu Tolib, Shom yahudiylari uning sifatlari haqida bilishadi. Uni zinhor u yerga olib borma. Tanib qolishsa, unga qasd qilishlari mumkin. Sen yaxshisi molingni shu yerda, Busrada, sot", — dedi. Abu Tolib uch kun mobaynida mollarini sotib, uyiga qaytdi.