138
Haddan tashqari ko‘rkam yuzli, o‘rta yoshlardagi muloyim bir kishi eshikni ochdi va o‘zimni tanishtirmasimdan burun ichkariga taklif qildi. Ochig‘i, uzun hovlida uning ortidan ergashib borishdan qo‘rqayotgandim, xuddi u qochoq echki-yu men qurbonlikka so‘yiladigan qo‘y kabiman. Buning ustiga, u uyda yolg‘iz yashaydiganday tuyulardi. Meni atirgul soya solib turgan taxta supaga o‘tirishga taklif qildi. O'n yoshlar chamasi qizaloq darhol dasturxon keltirib yozdi va non-choy keltirdi. To‘g‘risi, uni ko‘rgach, sal o‘zimga keldim.
«Biz sizni kutayotgan edik» - dedi u. Men qo‘rqib ketdim, kelishimni qayoqdan bildiykin? «Zamin to‘la g‘iybat» - dedi u va jilmaydi. Bilishimcha, Shia Chang yarim xitoy, yarim uyg‘ur edi, uning ukasini esa ko‘proq xitoyga tortgan bo‘lsa kerak, deb o‘ylardim, lekin qarshimda turgan kishida xitoylarga xos hech bir alomat sezilmasdi. Qaerga kelib qoldim, deya ikkilanishga tushdim. «Siz Shia Changni qoralab kelgansiz, mana men uning ukasiman» - dedi u kishi xuddi fikrimni o‘qiyotganday.
Lolu hayron bo‘lib, o‘zim, keyingi ikki yilda kechgan hayotim, Luk, keksa darvish, Zevning kundaligi, bu yerga qaytishim haqida deyarli hamma narsani gapirib berdim... U diqqat bilan quloq soldi va birgina gap aytdi, lekin o‘sha gap meni esankiratib qo‘ydi. U: «O'sha qariya mening otam bo‘ladi» degandi.