— Ey Adiy, ko‘rursanki, bu dinga kirguvchilar ko‘proq faqir kishilardur. O‘zlari ozchilikda bo‘lib ham kuchsizdurlar, dushmanlari ersa ko‘pchilikda bo‘lib, ham qurol kuchiga egadurlar. Shu ishlar iymon kelturmakdan seni to‘sdi. Alloh oti bilan qasamyod qilurman, ko‘p uzoq zamon o‘tmasdan turib bular ichida mol shundoq ko‘paygusidir, uni olg‘ani kishi topmagaylar, dunyo xazinalariga ega bo‘lg‘aylar. Hozircha saltanat, hukumat boshqalar qo‘lida turg‘onligi seni qo‘rqitmasin. Yaqin kunlarda ko‘rursan Bobil shahrining oq saroylari, podsholar poytaxtlari alar qo‘lida fath bo‘lg‘ay, Ko‘fa shahridan yo‘ldoshsiz chiqqan yolg‘iz xotun Makkaga kelib Baytullohni ziyorat qilib qaytgay. Yo‘llar tinchlanganlikdan Allohdan o‘zga nimarsadan bu xotunning qo‘rqinchisi bo‘lmagay.
Bu so‘zlarni anglagach, Adiy darhol iymon keltirdi. Bu kishi keyin aytur edi:
— YOlg‘iz xotun Ko‘fadan xavf-xatarsiz Makkaga kelib, Baytullohni ziyorat qilib qaytganini ko‘rdim. Qasam qilurmankim, qolgan ikkovi ham Rasululloh deganlaridek albatta bo‘lg‘usidur. Bu ikkovi ersa — birinchi, musulmonlar dunyo xazinalariga ega bo‘lishib mollari ko‘payishidur, yana biri, moldan zakot chiqarilsa, uni olgali qalo’ (kambag‘al) kishi topilmagay.
Islom boshlangandan beri haligacha bu ishning bo‘lib o‘tganligi ma’lum emas, chunki Islomning eng kuchli davri hisoblangan Hazrati Umar zamonlarida Rum, Eron, Misr xazinalari Madinaga oqib turgan bo‘lsa ham, yana faqir-miskinlar har yerda ko‘p edilar.