15. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi: Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: «Qiyomat qoyim bo‘lmaydi, toki ikki ulkan jamoa urushmagunicha. Ular o‘rtasida katta jang bo‘lib o‘tadi. Har ikkisi bir narsani da’vo qiladi. Toki o‘zini payg‘ambar hisoblaguvchi o‘ttizta dajjol chiqmagunicha, toki ilm olib qo‘yilmagunicha, zilzilalar ko‘payib, zamon yaqinlashib, fitnalar zohir bo‘lib, harj (qatl) ko‘payib ketmagunicha Qiyomat qoyim bo‘lmaydi. Toki orangizda mol dunyo to‘lib-toshib, hatto mol egasiga zakotni oladigan kishi(ni topish) qayg‘u bo‘lmagunicha Qiyomat qoyim bo‘lmaydi. Mol egasi birovga zakotini bersa, u: «Buning menga keragi yo‘q», deb aytmagunicha, shuningdek, toki odamlar uy qurishda musobaqaga kirishib, toki qabr yonidan o‘tayotgan kishi: «Qani edi uning o‘rnida bo‘lsam», deb aytmagunicha Qiyomat qoyim bo‘lmaydi. Quyosh g‘arbdan bosh ko‘tarmagunicha Qiyomat qoyim bo‘lmaydi. Quyosh g‘arbdan bosh ko‘targach, uni ko‘rib hamma-hamma iymon keltiradi. Bu ilgari iymon keltirmagan yoki iymonida xayr-yaxshilik kasb qilmagan kishiga iymoni foyda bermaydigan paytdir» (Muttafaqun alayh. Hadis lafzi Buxoriyniki).
Muslim ularni alohida-alohida rivoyat etgan. Hadisda sanab o‘tilgan kichik alomatlar voqeda ko‘rindi. Ammo katta alomatlar, ya’ni, quyoshning g‘arbdan chiqishi, zamonning qisqarishi va boshqalar Iso alayhissalom tushib, xinzirni (cho‘chqa) o‘ldirganlaridan so‘ng namoyon bo‘ladi.