Abdulla Oripov. Saylanma  ( 167376 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 12 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 ... 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:19:42

HOJI UKALARIM ANVAR VA XURSHIDGA

Do‘st bo‘lurmi bunchalar hamdam, inoq,
Bir pilikdan kuch olar ikki chiroq.
Oh, ahillik bor ekan o‘zbekda ham,
Ulg‘aying, turli yomon ko‘zdin yiroq.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:19:53

ASLIYAT

Bu yerga o‘g‘ri ham, to‘g‘ri ham kelar,
Poklanish har kimning muddaosidir.
Gunohu savobni har banda bilar,
Elning u shohidir yo gadosidir.

Hayotning oqimin to‘xtatish qiyin,
Hech kim ayri tushmas qorgan loyidan
Bir karra poklanib olgandan keyin
Ishlarin boshlaydi kelgan joyidan..

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:20:06

SHAYTON

La’natlab bo‘lsa ham, qarg‘ab bo‘lsa ham,
Har kun tilovatda aytilar nomi.
Uning bosh suqmagan joyi kamdan-kam,
Ochilgan har qadah uning ham jomi...

Deydilar, norasta go‘dakni hatto
Uyquda qitiqlab kuldirar emish.
Salgina g‘aflatda qolsang mabodo,
Qilmagan ishingni qildirar emish.

Shaytonning hunari chindan rang-barang,
Sallani paytava qilib o‘ratgay.
Agar sidqidildan ko‘rsatsa nayrang,
Nodonni shoh qilib, yurtni so‘ratgay.

Minoda Shaytonni qildik toshbo‘ron,
La’natga ko‘mildi badbaxt u lain.
Dedik, shuncha yukning ostidan Shayton
Ming yillar chiqolmay yotmog‘i tayin.

Shodumon yo‘l oldik Vatanga qarab,
Shayton qoldi, deya chuqurda-chohda.
Manzilga qaytgandik, Shayton, vo ajab,
Bizni kutib oldi tayyoragohda.

Makka - Madina - Toshkent
1992 yil 25 may.16 iyun

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:20:15

HIKMAT SADOLARI

IBODAT

Dunyodan roziman dema hech qachon,
Desang ham, so‘ylagil sahroga, toqqa.
Chunki seni tinglab, kimdir o‘sha on.
Nega rozisan, deb tutgay so‘roqqa.

Dunyodan norizo bo‘lsang ham agar,
So‘z dema, bardosh qil azob, firoqqa.
Chunki seni tinglab, kimlardir batta
Nega, deb albatta, tutgay so‘roqqa.

Dunyo ishlariga boqma hech hayron,
Jimgina nazar sol ko‘hna bu korga.
Olis kechalari yolg‘iz qolgan on,
Dilingni och faqat Parvardigorga.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:20:24

JABROIL

Ul kuni Muhammad - xoksor banda,
Alloh nazariga bo‘lgandi noil.
Sokin hujrasida o‘ychan turganda
Tushdi huzuriga Hazrat Jabroil.

Avval Muhammadning ko‘ksini yorib,
Shaytoniy hislarni yulib tashladi.
So‘ng Iymon nuriga hikmatni qorib,
Muhammad ko‘ksiga joylay boshladi.

Dedi: - Qalq o‘rningdan endi, Muham
Rasulsan, yo‘l ko‘rsat jami insonga.
Noqis aqllarni hikmatga qarat,
Boshla osiylarni dinga iymonga.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:20:41

"œQUM FA ANZIR!"

Qum fa anzir! - Tur va ogoh et,
Yota berma misoli tanbal.
Qum fa anzir! - Tur va ogoh et,
Zimmangga ol kurashni dangal.

Qum fa anzir! - Tur va ogoh et,
Oldindadir hali mashaqqat.
Qum fa anzir! - Tur va ogoh et,
O’tda yongay mushriklar albat.

Qum fa anzir! - Tur va ogoh et,
Ayt, mo‘minlar bo‘lsinlar qoim.
Qum fa anzir! - Tur va ogoh et,
Ulug‘lagin Rabbingni doim.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:20:59

HORDIQ

Arab sahrosida yo‘l yurib karvon,
Topdi bir manzilda qo‘nim va qaror.
Horg‘in Rasululloh - ozurda ul jon,
Hordiq chiqarmoqni qildi ixtiyor.

To‘shaksiz, taqirda yotdi yonboshlab,
Bamisli ochundan ko‘ngli qolgan qul.
Keldi sahobalar ko‘zlarin yoshlab:
- Hech qursa bo‘yrada yotingiz, Rasul.

Rasululloh dedi: - O’ylamang, aslo
Fanodan men rohat kutayotirman.
Bu dunyo daraxtning soyasi go‘yo,
Men undan ot minib o‘tayotirman.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:21:09

RO’ZA

Ramazon oyida, hayit chog‘ida,
Sumalak pishirdi ahli musulmon.
Unni qovurdilar zaytun yog‘ida,
Halim tayyorladi - kimda bor imkon.

Bahor keldi mana, qishdan chiqoldik,
Tergan rizq-ro‘ziga, ne’matga sharaf.
Tog‘dayin zahmatni axir yiqoldik,
Tabiatga sharaf, himmatga sharaf.

Ro‘zadan chiqqanlar, sizga ham rahmat
Qarzingiz sinovli saodat erur.
Rasululloh demish: - Sabr qil, ummat,
Mo‘minlik belgisi qanoat erur.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:21:34

HAJ

Necha cho‘llar oshib, daryolar oshib,
Bir kun kirib keldi Makkaga karvon
Dengizga yetishgan jilg‘adek shoshib,
Ummatlar yo‘l oldi Ka’baga tomon.

Ularning barchasi mo‘ysafid edi,
Asoga tayangan nuroniy boshlar.
Kimdir hayrat bilan ularga dedi:
- Hajga kelmaydimi sizlarning yoshlar.

Ummatlar deyishdi: - Haq yo‘li mushk
Aziyat chekkan-ku Payg‘ambarimiz.
Qutlug‘ bu safarga olgan chog‘i yo‘l,
Yosh-yosh yigit edik bizning barimiz.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:21:46

HAZRATI ODAM

Joylari osmonda bo‘lsa ham magar
Hazrati Odamga qiyindir g‘oyat.
O’ng yonga boqqanda ruhlari yayrar,
Chap yonga boqqanda o‘rtanar faqat.

Bir tomon jannatning fusunkor bog‘i,
U - rohat go‘shasi, yam-yashil makon.
Bir tomon do‘zaxdir, yo‘qdir adog‘i.
U yerda abadiy azob va fig‘on.

Quvnar, o‘ngga boqib Hazrati Odam,
Chap yonga boqqanda oshar nolasi.
Bir nasli jannatga noil bo‘lsa ham,
Do‘zaxda yonmoqda bitta bolasi.

Qayd etilgan