Abdulla Oripov. Saylanma  ( 167357 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 ... 31 B


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:22:10

INSON

Oldiga kelganni qaytarmay yemoq
Aslida, aqli yo‘q hayvonning ishi.
Og‘izga kelganni qaytarmay demoq
Noqisu befahm, nodonning ishi.

Tavajjuh ayladi Tangri taolo,
Muqaddas sanaldi Inson degan nom.
Insonni e’tirof etmagan asno
Iblis ham quvildi Arshdan batamom.

Ko‘zingning o‘ngida o‘sgandek ekan,
Rabbim ham ogohdir har zum, har ishda
Ro‘zayu parhezda muddat bor, lekin
Hamisha hazar qil harom-harishdan.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:22:28

ONA

Kimdir savol berdi: - Aytgil, Muhammad,
Yolg‘iz sen Rasulsan butkul olamga.
Kimga ko‘p yaxshilik aylay, o‘zing ayt,
Ota-onamgami yoxud bolamga?

Rasul javob qildi: - Tingla, birodar,
Gapimni bir bora quloqqa ilgil.
Imkon topa olsang dunyoda agar,
O’ng avval onangga yaxshilik qilgil.

Bu hikmat sharhini o‘yladim uzoq .
Rostdan ona erur qiblai olam.
Garchi barchamiz ham padarmiz, biroq
Onadan tug‘ilgan payg‘ambarlar ham.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:22:54

FARZAND

Bir kuni ranjitdi otani farzand,
Ota o‘z uyidan bosh olib ketdi.
Lekin Alloh mehri bo‘lib sarbaland,
Ota Makkatulloh vasliga yetdi.

Ota fig‘on chekdi Ka’ba qoshida,
Go‘yo unut bo‘lgay alamlar bari.
Najot charx ursa ham garchand boshida,
Sira ketolmadi bir gapdan nari.

Ka’bani sig‘inar ekan keksa chol
Armonin oshkora aytdi olamga.
Dedi: - Ibodatim bo‘lsa ham uvol,
Faqat saodat ber o‘sha bolamga.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:23:30

DO’ZAXIYLAR

Yovlashdi bir kuni ikki musulmon,
Oradan adolat tamoman ko‘chdi,
Ular olishdilar uzoq, beomon,
Oqibat birining kallasi uchdi.

Kimdir payg‘ambardan so‘radi kelib:
- Ayo, Rasululloh, aylagil javob.
Hoynahoy, raqibin qonga g‘arq qilib,
Ul kas jahannamda tortgaydir azob?

Rasululloh dedi: - U ham va bu ham
Mahkum bo‘lg‘uvsidir do‘zax to‘riga.
Ikkov ham maydonga tushganlari dam
O’lim tilaganlar biri biriga.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:23:41

SAVOB

Dasti qisqalarni kamsitma zinhor,
Savobning kattayu kichigi bo‘lmas.
Kimningdir davlati behadu bisyor,
Va lekin baxildir, tolei kulmas.

Och qolgan go‘dakka saxovatli zot,
Yarimta xurmoni dildan ilindi.
Bilgilki, bu himmat shu zum, shu zahot,
Bus-butun savob deb qabul qilindi.

Demishlar, savob ish ofatni to‘sib,
Ezgulik yo‘liga shaylangusidir.
Eng kichik himmat ham toychoqdek o‘sib,
Tulpordek savobga aylangusidir.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:23:50

BANDAGA SIG‘INMA

Hech qachon bandaga sig‘inma, banda,
Zulm qilsa agar, zolimga la’nat.
Bitta ruh yashaydi har bitta tanda,
Insonning avliyo bo‘lmog‘i g‘alat.

Garchi bu dunyoda bordir nodonlik,
Tafakkur, Aqlning koshonasi bor,
Qismatdan hech kimsa topmas omonlik
Oldinda ajalning ostonasi bor.

Sehrga nechog‘lik kaloming burma,
Lazizroq so‘z yo‘qdir So‘zidan ortiq.
Dunyoda do‘st izlab qancha yugurma,
Azizroq do‘st yo‘qdir O’zidan ortiq.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:24:03

MARHUMLAR SHA’NI

Marhumlar sha’niga yomon so‘z demoq
Makruhlik sanalmish azaldan-azal.
Ey, Inson, tanangga bir zum o‘ylab boq,
Kimlarni zabtiga olmabdi ajal.

Toshqin sel vahmini soy ko‘targaydir,
Hayotning zarbasin ko‘targay hayot.
Misli toy tepkisin toy ko‘targaydir,
Otning tepkisini ko‘targaydir ot.

Rasululloh demish: - Kim Haqqa yo‘ldosh,
Tiriklik qadrini u aziz etdi.
Marhumning ortidan ota ko‘rmang tosh,
Marhum ketadigan joyiga ketdi.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:24:13

HIDOYAT YO’LI

U senga ko‘rsatdi hidoyat yo‘lin,
Yurgil yo yurmassan, o‘zing bil, Inson
Balki sen tutgaysan Iblisning qo‘lin
Yaratgan Xoliqqa barchasi ayon.

Pishqirgan daryoning sohilida gar
Tashnayu zor qolsang, aybdorsan o‘zing
Boshingga nogahon balolar yog‘ar
Labingdan uchgan chog‘ jaholat so‘zing.

G‘oyibdan baxt kutib o‘ltirmoq nechun,
Dastingga kor berdi qalbingdagi yor.
Zaminda ko‘rgazgan qilmishing uchun
Osmonni malomat qilmog‘ing bekor.

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:24:45

JON ACHCHIG‘I

Buloqdan suv ichdi hazrati Iso,
G’oyat totli edi bu obi hayot.
Suvni bir ko‘zaga quyganda ammo
Zaqqumga aylandi u o‘sha zahot.

Hayratga tushgaydir payg‘ambarlar ham,
Bu qanday sir erur? Ayon qil, yo Rabb!
Masiho nafasi yetishgani dam
Ko‘zadan bir ovoz chiqdi-ku titrab:

Ayo, shirin suving bo‘ldimi taxir,
Dema, bu tuz ta’mi, qon achchig‘idir.
Men ham Inson edim. Ko‘zaman hozir,
Suvni achchiq qilgan - jon achchig‘idir!

Qayd etilgan


shoir  18 Oktyabr 2007, 17:24:58

JINLAR

Jinlar bazm qilardi ovloqda, tunda,
Gulxan atrofida xurram, shodumon.
Bir botir suvoriy o‘tarkan, shunda
Bazmga nazari tushdi nogahon.

Botirni qopladi lahzalik titroq,
So‘ng gulxan ustiga ot soldi birdan,
Jinlar to‘zg‘ib ketdi, bittasi biroq,
So‘z qotdi, hayiqmay sira botirdan:

- Bundoq zug‘um qilma bizga, ey botir
Kimsaga bilmasdan bermagil ozor.
Jinlar ichida ham kofiri bordir,
Jinlar ichida ham musulmoni bor.

Qayd etilgan