56-bob.
Olloh taoloning qavli: «Olloh taolo sizlarni yaratdi, ammo sizlar amal qilmayotirsizlar», «Darhaqiqat, biz har bir narsani kelib-ketmoq muddatini belgilab yaratdik», «Surat chizuvchilarga: «O’zlaringiz yaratgan narsaga jon ato etingizlar», — deyiladi», «Darhaqiqat, parvardigoringiz bo‘lmish Olloh osmonlar birlan yerni olti kunda yaratgandur, so‘ng Arshga chiqqandur, kecha va kunduzni bir-biri ila berkitur, biri ikkinchisining orqasidan tezda yetib kelur, oftob birla oyni yulduzlarni o‘z hukmiga tobi’ qilib yaratgandur, ogoh bo‘lingizlarki, yaratmoq va hukm qilmoq ungagina xosdur, ul buyuk barakot sohibi va olamlar parvardigoridur!» Abu Hurayra rivoyat qiladilar: «Rasululloh sallallohu alayhi va sallamdan: «Amallarning qaysinisi afzaldur?» — deb so‘rashdi. Ul zot: «Olloh taologa iymon keltirmoq va Olloh taolo yo‘lida jihod qilmoq», — dedilarda, «Qilgan amallariga (yarasha) ajr oladilar» degan oyatni o‘qidilar. Abdulqays qabilasidan kelgan vakillar: «Yo Rasulalloh! Bizga bir qator amallarni buyuringizkim, ularni bajarib jannatga kiraylik!» — deyishdi. Janob Rasululloh ularga iymon keltirmoq, kalimai shahodat aytmoq, namoz o‘qimoq va zakot bermoqni amr qildilar va bu birlan yuqoridagilarning hammasini amal deb atadilar».
Zahdam rivoyat qiladilar: «Jarm qabilasidan bo‘lgan mana shul mahalla ahli birlan ash’ariylar o‘rtasida do‘stlik-birodarlik munosabatlari mavjud erdi. Biz Abu Muso al-Ash’ariy huzurida erkanligimizda tovuq go‘shti solingan taom keltirildi. Baniy Taymulloh qabilasiga mansub bir kishi ham shul yerda bo‘lib, chamasi ozod qilingan qullardan erdi. Abu Muso uni taomga taklif qildi. Shunda boyagi odamning taom yeyishini ko‘rib, ta’bim tirriq bo‘ldi. Undan jirkanganimdan: «Taom yemagaymen!» — deb ont ichdim. Abu Muso menga: «Turgil, beri kelgil, men senga (qasam ichmoq xususidagi) bir hadisni rivoyat qilib berayin!» — dedida, quyidagi hadisni ayta ketdi: «Bir kuni men va bir guruh ash’ariylar Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning huzurlariga borib, ulov so‘radik. Janob Rasululloh: «Olloh haqi, menda sizlar uchun yaroqli ulov yo‘qdur!» — dedilar. Shu asnoda ul zotning huzurlariga o‘lja olingan tuyalarni yetaklab kelib qolishdi. Janob Rasululloh: «Ash’ariylar qaerdadur?» — dedilar. So‘ng beshta oq o‘rkachli tuyani bizga bermoqni amr qildilar. Biz yo‘lga tushganimizdan keyin: «Bu nima qilganimiz?! Axir, Janob Rasululloh avval bizga ulov yo‘qligini aytib qasam ichib, so‘ng bizni tuyalarga mindirib yubordilar-ku? Bizni deb Janob Rasululloh qasam ichganlarini unutib qo‘ydilar, endi sira ham omadimiz yurishmagay!» — dedikda, ortimizga qaytdik. Janob Rasulullohga: «Biz sizdan ulov so‘rab erdik ulov yo‘qligini aytib qasam ichdingiz, (endi bo‘lgaydur?)» — dedik. Janob Rasululloh: «Ulovni sizga men berganim yo‘q, Olloh taolo ato etdi. Olloh taolo haqi, men tokim avvalgi qasamimni kafforatini berib halollab olmagunimcha, biror boshqa qasamni afzal ko‘rsam, qasam ustiga qasam ichmagaymen!» — dedilar».