* * *
Davronning ketishiga yo‘l qo‘yishmadi. O‘quv yili tugaguncha qolishga majbur bo‘ldi. Davron bu zaylda ishni davom ettira olmasligini anglagach, institutga qaytishga, kerak bo‘lsa akademiya rahbarlariga uchrashishga, kurashdan bo‘yin tovlamay, fikrini, farazlarining to‘g‘riligini isbotlashga ahd qildi. Mahbuba ketar mahali qishloqqa kelish istagini ma’lum qilgan edi. Yana qarori qat’iylashmasin, deb «shaharga qaytmoqchiman», degan mazmunda xat yubordi. Oradan to‘rt kun o‘tmay «Xayriyat d’Artanyan bor ekan», degan telegramma oldi. Mahbuba bu telegrammasi bilan unga qo‘sh qanot baxsh etdi. U endi kunlarning tezroq o‘tishiga orzumand edi. Kunlar esa aksiga olganday imillab o‘tardi. Imtihonlarga tayyorgarlik qizigan chog‘da Niyoz boshchiligidagi ekspeditsiyaning ish boshlaganini eshitib hayratdan dong qotdi. «Niyoz boshchiligida! Ekspeditsiya kelishiga amin edim, ammo bu oliftaning rahbar bo‘lishi tushimga ham kirmabdi, — deb o‘yladi u. — Niyoz nima uchun bu ishga qo‘l urdi? To‘g‘rirog‘i, nima uchun tog‘a jiyanini bu ishga jalb etdi? Kechagina umidsiz, kelajaksiz ish, deb ikki oyoqni bir etikka tiqayotgan edi-ku? Demak, dotsent Bekmirzaevning taxminlariga o‘zi ham ishonar ekan-da?!»
Davron kalavaning uchini topganday bo‘lib benihoya bo‘g‘ildi. Shu zahoti borib Niyozning yoqasidan olmoqchi, institutga xat ham yozib yubormoqchi bo‘ldi. Keyin har bir harakatining shuhratparastlikka yo‘yilajagini anglab, «Shularning oldida past kelamanmi», deb o‘zini bosdi. Qazilayotgan yerlarga yaqin bormaslikka ahd qildi. Ammo qarorida tura olmadi. Hafta o‘tmay, beixtiyor «Niyoz rahbarligida» ishlayotgan arxeologlar tomonga qarab ketdi.
Pastda ivirsib yurgan besh-olti odam orasida Niyoz ko‘rinmadi. Yarim yalang‘och bo‘lib olgan yigitlarning ikkitasi sigaret tutatib gurung qilar, qolganlari hafsalasizlik bilan yer qirtishlardi. Davron ularning harakatini ko‘rib g‘ijindi. Chodir tomonga yo‘naldi. Niyoz chodirning soya tomonidagi yig‘ma karavotda uxlab yotgan edi. Davron unga bir oz qarab turdi-da, orqasiga qaytmoqchi bo‘ldi. Shu topda Niyoz ko‘zini ochdi. Avval hayron bo‘lganday ko‘zlarini pirpiratdi. Keyin irg‘ib o‘rnidan turdi-da, quchoq ochib borib Davron bilan ko‘rishdi.
— Qaysi shamol uchirdi? Dom-daraksiz ketding-ku? Shunaqa ham bo‘ladimi? Uyingga uch-to‘rt bordim. Eshiging taqa-taq berk.
— Buni qara-ya, ancha urinibsan-da, a?
— Xafa bo‘lishingni bilardim. Lekin menda ayb yo‘q. Rostdan ham seni ishga chaqirib bu yerga yuborishmoqchi edi. Lekin noilojlikdan... Bunaqa ishlarga toqatim yo‘qligini bilasan-ku...
— Meni chindan qidirdilaringmi?
— Ie, seni aldagan yerim bormidi?
— Mana, men topildim.
— Ayni muddao!
— Endi nima qilamiz?
— Tushunmadim?
— Joyingni bo‘shatib ber.
— Hazillashyapsanmi?
— Yo‘q.
— Marhamat... Men jon-jon deyman... Lekin...