TUBIDA TOSH DUMALATIB...
Tubida tosh dumalatib soylar o‘tdi,
Yelkasida yaraq-yaraq oylar o‘tdi.
Qamishlarning boylamida naylar o‘tdi,
Sizdan tekkan iztiroblar o‘tmadi, yor,
Ko‘zlarimdan ko‘zlaringiz ketmadi, yor.
Tuyog‘idan tillo sochib jayron o‘tdi,
Necha ko‘shki obod ko‘ngli vayron o‘tdi,
Hammasi ham bu holimga hayron o‘tdi,
Sizdan tekkan iztiroblar o‘tmadi, yor,
Ko‘zlarimdan ko‘zlaringiz ketmadi, yor.
Ro‘molini qanot qilgan pari o‘tdi,
Ko‘z uchida menga qaray-qaray o‘tdi,
Nigohlari jonimdan ham nari o‘tdi,
Sizdan tekkan iztiroblar o‘tmadi, yor,
Ko‘zlarimdan ko‘zlaringiz ketmadi, yor.
Shamol o‘tdi, bulut o‘tdi, yomg‘ir o‘tdi,
Qahratonning qadamlari og‘ir o‘tdi.
Qorabotir o‘tdi, Zuhro, Tohir o‘tdi,
Sizdan tekkan iztiroblar o‘tmadi, yor,
Ko‘zlarimdan ko‘zlaringiz ketmadi, yor.
Bir zum qalbim darchasidan ziyo o‘tdi,
Bilmay qoldim chin o‘tdimi — ro‘yo o‘tdi,
Siz o‘tdingiz bu dunyodan dunyo o‘tdi,
Sizdan tekkan iztiroblar o‘tmadi, yor,
Ko‘zlarimdan ko‘zlaringiz ketmadi, yor.
1996