Frantsiyalik faylasuf Rene Dekart «Fikrlayapman, demak, mavjudman»,- degan g‘oyani ilgari surgan ekan. Shunga ko‘ra, o‘zini, o‘zlikni anglash qachon boshlanadi, degan savol ham o‘rtaga qo‘yilishi mumkin. Ro‘yo va haqiqatni farqlab olish uchun kishi fikrlaydi. Bu fikrlash o‘n yashar bolaga xos emas. Ehtimol 20-25 yoshda bu masala xususida fikrlay boshlar. Unda o‘z-o‘zini tanimoqlikni shu yoshda belgilaymizmi? Agar shunday qilsak, olti yoshli bolaning fikrlashini nima deb ataymiz? Masalan o‘sha bola daraxtni ko‘radi, gullashini, meva tugishini kuzatadi. Meva bor paytda olib berishni talab qiladi. Mevalar tugagach, talabni ham bas qiladi. Kelgusi yili daraxt gullagach, oqibat meva bo‘lishini bilib, kutadi. Agar shu yoshdagi bola kattalarning ko‘chat o‘tqazishini ko‘rsa, u ham cho‘plarni yerga suqishga intiladi. O‘z xayolida ko‘chat ekkanday bo‘lib, quvonadi. Bu ishi uchun kattalardan olqish kutadi. Demak, u ham fikrlayaptimi? Ongi borliqdagi o‘zgarishlarni qabul qilyaptimi? Tahlil etyaptimi? Demak, u o‘z-o‘zini tanishni boshlagan, borliqda o‘z o‘rni borligini bilyapti, shunga yarasha o‘ziga e’tibor talab qilyapti. Ayrim olimlar buni ongsiz ravishda anglash, deb hisoblab, «fikrlash» tushunchasiga qo‘shmaydilar. Biz bu qarashni ma’qullay olmaymiz. Go‘dak tug‘ilib, ko‘zi ochildi - borliqni ko‘rdi. Miya hujayralari shakllana boshladimi, demak, o‘ziga xos ravishda fikrlay boshladi. Olti yashar bola bilan o‘n olti yoshli bolaning «Men kimman?» degan savolga javoban o‘zini o‘zi tanishdagi holati, talab, intilishi bir hil emas, albatta. «Men» masalasida bosh qotiruvchi faylasuflar uchun bu farq uncha muhim emasdir. Ammo tarbiya uchun mas’ul odam bu farqni e’tiborga olishga majbur.
Ayrim olimlar go‘dakning dastlabki oylardagi harakatlarini fikrlashdan holi deb biladilar va bu da’volarini isbotlash uchun «Odam bir-ikki yoshgacha ko‘rganlari, eshitganlarini eslamaydi, unutadi», deydilar. Ularning aytishlaricha, unutishlariga sabab - tillari chiqmagani, gapira olmasliklari ekan. Agar bu fikrni to‘g‘ri deb qabul qilsak, fikrlash gapirish bilan bog‘liq bo‘lsa, soqovlar umuman fikrlamaydilarmi? O‘sha olimlarning ta’kidiga ko‘ra, bolaning o‘zlikni anglashdagi birinchi harakati «Men» degan so‘zni aytishidan boshlanarkan.