44/20. Anasdan roziyallohu anhu rivoyat qilinadi. Abu Talhaning bir o‘g‘li bor edi. U kasal edi. Abu Talha (qaergadir) chiqib ketganida bola vafot etdi. Abu Talha qaytib kelib: «Bolaga nima bo‘ldi?» dedi. Bolaning onasi Ummu Sulaym: «Avvalgi holatidan sokinlikdadir», dedi. Eriga kechki ovqatni keltirdi. U ovqatini tanovul qilib, so‘ngra shar’iy qovushishdi. Undan forig‘ bo‘lganida «Go‘dakni ko‘mib kelinglar», dedi. Abu Talha tong otganida Rasululloh sollalohu alayhi vasallam huzurlariga borib, bo‘lgan voqeaning xabarini berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Kechasi er-xotinlik aloqasi qildinglarmi?» dedilar. U: «Ha», deb javob qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Allohim, bu ikkovlariga baraka ber», deb duo qildilar. Xotin bir bola tug‘di. Abu Talha Anasga: «Bolani ko‘tar, bu bilan Rasululloh sollalohu alayhi vasallam huzurlariga borasan», deb xurmochalar ham qo‘shib berib yubordi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «U bilan birga biror narsa bormi?» deganlarida, xurmochalar keltirildi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam uni olib chaynadilar-da, go‘dakning og‘ziga soldilar, so‘ngra tanglayini ko‘tarib, Abdulloh deb ism qo‘ydilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
Imom Buxoriyning rivoyatlarida Ibn Uyayna aytdilar: «Ansoriylardan bo‘lgan bir kishi: «Men to‘qqizta bolani ko‘rdim, ularning barchalari Qur’on o‘quvchi qorilar edi. Bular o‘sha Abdullohning farzandlari edi», deb aytdi».
Muslimning boshqa bir rivoyatlarida: «Abu Talhaning roziyallohu anhu Ummu Sulaymdan bo‘lgan bir o‘g‘li vafot etdi. Ummu Sulaym ahllariga: «Abu Talhaga o‘g‘li vafot etganini mendan boshqa hech kim aytmasin», dedi. Abu Talha roziyallohu anhu kelganida, xotini kechki ovqatni olib keldi. Abu Talha roziyallohu anhu undan yeb-ichdi. So‘ngra xotini o‘zini har galgidan chiroyli qilib ko‘rsatdi. Buni ko‘rgan er beixtiyor shar’iy yaqinlik qildi. Qachonki, Ummu Sulaym erining to‘yganini hamda xotinidan maqsadi hosil bo‘lganini ko‘rib: «Ey Abu Talha, agar bir qavm omonatlarini bir hovliga qo‘ysalar va o‘sha omonatni keyin talab qilishsa, uni bermaslikka haqlari bormi?» deganida, u «Yo‘q», dedi. Shunda xotini: «Unday bo‘lsa, o‘g‘lingning (o‘limiga) savob umidida sabr qil», dedi. Abu Talha bundan g‘azablanib, «Nega bu haqda menga aytmading, keyin nopok ham bo‘lib qoldim, endi bo‘lsa, o‘g‘limning o‘limi xabarini beryapsan?» deb Rasululloh sollalohu alayhi vasallam huzurlariga borib bo‘lib o‘tgan hodisa haqida xabar berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam «Ana shu kechasi bo‘lgan narsangizda Alloh baraka bersin», deb duo qildilar. U ayol (duo barakasidan) homilador bo‘ldi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam safardaliklarida bu ayol ham birga edi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam agar safardan qaytib, Madinaga kelsalar, kechqurun ahllari huzuriga kirmasdilar. Madinaga yaqinlashganlarida birdan u ayolni to‘lg‘oq tutib qoldi. Abu Talha xotini sababli to‘xtab qoldi. Rasululloh sollalohu alayhi vasallam esa yo‘llarida davom etdilar. Anasning roziyallohu anhu aytishlaricha, Abu Talha: «Ey Rabbim, Sen bilasanki, men Rasululloh sollalohu alayhi vasallam Madinadan chiqsalar, u zot bilan birga chiqishni, agar u yerga kirsalar, birga kirishni yoqtiraman. Ko‘rib turganingdek, ushlanib qoldim», deb arz qildi. Xotini Ummu Sulaym bu so‘zlarni eshitib: «Ey Abu Talha, meni hozir avvalgiga o‘xshab to‘lg‘oq tutmayapti, birga ketavering», dedi. Anas raziyallohu anhu: «Hammamiz birga jo‘nadik. Qachonki, Madinaga borganlarida Abu Talhaning xotinlarini to‘lg‘oq tutib, bir o‘g‘il bola tug‘dilar. Onam menga: «Ey Anas, buni biror kishi Rasululloh sollalohu alayhi vasallam huzurlariga olib bormagunicha emizmaydi», dedilar. Tong otganida bolani ko‘tarib Rasululloh sollalohu alayhi vasallam huzurlariga olib bordim», deb oldingi hadisning oxiri ila yakun yasadilar», deyiladi.