HAZRATI UMARNING IYMON KELTIRISHI
Hazrati Umarning iymon keltirishi shundoq ediki, uning Fotima nomlik bir qiz qarindoshi bor edi. Sa’d ibn Zayd bilan barobar Payg‘ambarimizga kelib, yashirincha dinga kirdilar. Lekin akalari Umar ibn Xattobning bu ishdan xabarlari yo‘q edi. Janobi Payg‘ambarimiz hazrati Arqam sahobaning uyida uch yil yashirincha mo‘minlarga Qur’on o‘qitib, Islom hukm¬larini o‘rgatardilar. Bir kuni turib, shundoq duo qildilarkim: «Ey bor Xudoyo, Quraysh qabilasi ichida birinchi Umar Xattob, ikkinchi Abul Hakam ibn Hishom, bu ikki kishining iymon keltirishlari bilan Islom diniga rivoj bergin», dedilar. Abu Jahl¬ning avvalida oti Abu Hakam edi, Payg‘ambarimizga ko‘p johillik qilganligi sabablik otini Abu Jahl qo‘ydilar. Bu ikkovi Quraysh qabilasi ichida obro‘ylik va ikki urug‘ xalqining raislari edi. Shuning uchun janobi Payg‘ambarimiz, bu ikkovi iymon keltirsa, boshqalar ham ergashib, iymonga kirsalar, dinimiz rivoj toparmikin, degan maqsadda duo qilgan edilar. Bir kuni Na’im ibn Abdulloh nomlik kishi, bu yashirin iymon keltirgan sahobalardan edi, ko‘chada Umar ibn Xattob bilan uchrashib qoldi, qarasa, urushga chiqqan kishidek qilich taqingan, fe’li bosh¬qacharoq ko‘rindi. Unga boqib: «Ey Umar, yo‘l bo‘lsin», deb so‘rab edi, Hazrati Umar: «Ey Na’im, bilginki, shu qilich bilan Muhammadning boshini kesib, butun xalqni tinchitgali chiqdim. Chunki uning sababidan, ota-bobolarimizdin qolgan dinimiz xorlandi, qarindosh-urug‘larimiz ajrashib, bir-birlariga dushmanlashdilar. Endi uni o‘ldirsam, hammani bu ishdin qutqazgan bo‘laman», dedi. Bu so‘zni eshitib, ul sahoba aytdi: «Ey Umar, bu ishni sen oson chog‘lama, boshqani qo‘yib, o‘zingga qarasang-chi, singling Fotima, kuyoving Sa’d ibn Zayd, har ikkovi Muhammadga iymon keltirib, aning diniga kirdilar. Mana sening bu ishdin xabaring bormidur?» dedi. Bu sirni aytishdin uning maqsadi ersa Xazrati Umarni yo‘ldan qaytarish edi. U kishi o‘ylagandek, bu xabarni anglashi bilan Hazrati Umarning qattiq g‘azabi qo‘zg‘oldi. Chunki o‘zi xabarsiz, oilasida bundog‘ hodisaning paydo bo‘lishi hech kutilmagan ish edi. Ularga jazo berish niyati ila, darhol yo‘lidin yonib (qaytib), singlisining uyiga qarab jo‘nadi. Hubob ibn Irs degan sahoba har kuni kelib, bularga Qur’on o‘rgatur edi. Boshqalardin ehtiyot uchun bir bolani qorovul qilib qo‘ygan edilar. Bu esa Hazrati Umarning kelayotganini ko‘rib, darhol kirib xabar berdi. Shoshganlaridan Qur’on oyatlari yozilgan taxtalarni darrov berkitdilar. Qur’on o‘rgatayotgan ustozlari Hazrati Hubobni bir joyga yashirdilar. Shuning ustiga Hazrati Umar eshikdin kirib keldi. Va: «Hoy, sizlar meni arablar ichida bosh ko‘tariksiz nomusga qo‘yib, Muhammadga iymon keltiribsizlar», deb kuyovlari Sa’d ibn Zaydning yoqasidin tutib urgani turdi. Buni ko‘rib singlisi Fotima chidab turolmasdin o‘zini eri ustiga otdi. Orachilab turgan chog‘ida mushtumi tegib ketib, Fotimaning burnidin qon oqqani turdi. So‘ngra Fotima aytdi:
— Endi bo‘larimiz bo‘ldik, haq ishni yashirmaymiz, bu kirgan dinimizdin o‘ldirsang ham qaytmaymiz, — deb akasi Hazrati Umarning yoqasiga osildi. Bosh-ko‘zlari qon bo‘lib, yig‘lab turgan singlisiga qarab, Hazrati Umar o‘zi ham hijolatga qoldi. Qarindoshlik mehridin Fotimaga ko‘ngli og‘rib, xafalik bilan uzun o‘tirib koldi. Bir fursat o‘tgandin so‘ngra achchiqlari bosilib:
— Hoy Fotima, haligi men kirishimning oldida o‘qishib o‘ltirgan narsalaringni keltiringlar, men ham uni o‘qib ko‘ray, — dedi.