Ey Quraysh ahli, bu to‘g‘rida menga itoat qilishinglarni so‘rayman, bu ishda mening to‘xtalgan ra- yim shulki, Muhammadning diniga yordamchi bo‘lmasak ham, aning yo‘liga to‘sqinlik qilmaylik, buni boshqa arablarga qo‘yib beraylik, agan Muhammad arablardin yengilar ekan, yotlar yordami ila biz ondin qutulgan bo‘lamiz. Ish o‘z tilagimizcha o‘zimizga kelur. Yoki bu kurashda ularni yengib chiqar ersa, aning davlat-hukumatiga, izzat-shavkatiga albatta, bizlar sherikdurmiz. Insonlar ichida eng baxtlik bo‘lib yashaymiz» deb edikim, taraf-tarafdin: «Ey Utba, Muhammad tili bilan seni sehrlaganga o‘xshaydi», degan qarshi ovozlar ko‘tardilar. Utba: «Bu haqda mening fikrim shu edi, buni so‘zladim, bunga yo‘q desanglar, sizlarning deganinglarcha bo‘lsin», deb sukut qilishga majbur bo‘ldi. Shundoq bo‘laturib ham, Quraysh qabilalari ichida musulmonchilik kun sayin ko‘paygani turdi. Qabila mushriklari esa alardin bir nechalarini qamoqqa oldilar va qanchalarini dinlaridin qaytarish uchun turlik azoblar ila qiynadilar. Endi bu ishlar bilan ham muddaolari hosil bo‘lmaganlikdin, ikkinchi nav¬bat tubandagi qabila raislari yana qaytadin yig‘ildilar. Bular ersa, Utba, Rabi’a, Shayba, Abu Sufyon, Abul Baxtariy, Nazr ibn Xoris, Asvad ibn Muttalib, Zam’a ibn Asvad, Valid ibn Mug‘ira, Abu Jahl ibn Hishom va boshqalar edilar. So‘ngra bir kishi kelib: «Ey Muhammad, qabila raislari siz bilan kelishmoq uchun, Ka’ba oldida to‘planib, so‘zlashmoqqa chaqiradilar», deb xabar berdi. Payg‘ambarimiz gumon qildilarkim, meni so‘zlarim bularga endi ta’sir qilganga o‘xshaydi, tavfiq topgan bo‘lsalar ajab emas, degan xayol qilib, tezlik bilan keldilar, qarasalar tuslari boshqacharoq bo‘lib, do‘stlik nishonasi ularda ko‘rinmadi. Ichlaridin birovlari so‘zga turib:
— Ey Muhammad, butun Quraysh xalqi tomonidin bizlar bu ish ustida sen bilan ochiq so‘zlashgani keldik. Arablar ichida, sendek o‘z qavmiga zararlik ishni hech kim qilgan emas, ota-bobolarimiz yo‘lidin chiqding, dinimizni so‘kding, butlarimizni haqorat qilding, qarindosh-urug‘larimizdin ajratding, jamoatimizni tarqatding, endi bizning ustimizda sening qilmagan yomonliging qolmadi. Agar bu ishdin maqsading mol topish bo‘lsa, mol yig‘ib berib, seni boy qilaylik, agar izzat-obro‘y istagan bo‘lsang, butun Quraysh qabilasi ustiga seni rais qilib ko‘taraylik, agar podshoh bo‘lish ko‘nglingga tushgan bo‘lsa, seni podshoh qilib, taxtga chiqaraylik. Yo‘q, agar jinlar tarafidin sehrlangan bo‘lsang, mol-dunyomizni ayamay, aning chorasiga kirishaylik, yo tuzalursan, yoki bizni ma’zur tutursan.