MUALLIF MUQADDIMASI
«Bas, Meni eslanglar, Men ham sizlarni eslayman va Menga shukr qilinglar va Meni inkor etmanglar!» (Baqara, 152-oyat).
Qahhor va aziz, gunohlarni mag’firat etuvchi, qadarlarni o’lchovchi, ishlarni tasarruf qiluvchi, qalbi uyg’oq, ko’zi ochiq kishilar tafakkur qilishlari uchun kechani kunduzga alishtiruvchi yagona Allohga hamd bo’lsin. U ba’zi bandalarini uyg’oq qilib, yaxshilar jumlasiga kiritdi, ba’zilarini tanlab oldi va o’ziga muqarrab-yaqin bandalaridan qildi. Bu bandalar Uning roziligi uchun bor kuchlarini sarflaydilar va oxiratga tayyorgarlik ko’radilar, Uning g’azabini keltiradigan narsalardan chetlanib, do’zax azobiga tushib qolishdan ehtiyot bo’ladilar, hamisha Uning toati va zikrida yuradilar. Bandalarining qalblariga nur bergan Allohga hamd aytaman. Fazlu karamining bundan-da ziyoda bo’lishini so’rab qolaman. Aziym, vohid, samad, aziz, hakim sifatli Allohdan boshqa iloh yo’qligiga, Muhammad sollallohu alayhi vasallam Uning bandasi va rasuli, tanlab olgan do’sti va habibi, yaratganlarining eng afzali, o’tgandagi va kelgusidagi kishilarning eng hurmatlisi ekaniga iymon keltiraman. Bu zotga va boshqa payg’ambarlarga, barchalarining oilalariga hamda boshqa solih kishilarga Allohdan salovot va salomlar bo’lsin.
Alloh taolo Baqara surasining 152-oyatida: «Bas, Meni eslanglar, Men ham sizlarni eslayman», Zariyat surasining 56-oyatida:
«Jin va insni faqat o’zimga ibodat qilishlari uchungina yaratdim», deydi.
Bu oyatlardan banda uchun eng afzal ish olamlar Rabbini yod etish va payg’ambarlarning sayyidi Rasulullohdan vorid bo’lgan zikrlar bilan mashg’ul bo’lish ekani bilinadi.