YOMONI YO‘Q JOYGA KETAMIZ
Bu dunyo - ruhimning azobi,
Ezgulik — umrimning savobi,
Qo‘y, endi yig‘lama ko‘ngiljon,
Bor, axir, barchasin hisobi.
Qo‘lni ber, pok joyga ketamiz,
Yomoni yo‘q joyga ketamiz.
Ko‘zlarim qadalgan samoga,
Tashnaman bir hovuch ziyoga.
Charchadim zaharli so‘zlardan,
Yur, endi g‘iybatu ig‘voning —
Makoni yo‘q joyga ketamiz,
Yomoni yo‘q joyga ketamiz.
Chopamiz quyoshning izidan,
O‘pamiz gullarning yuzidan.
Qizarib, bir shirin tuyg‘ular,
Topamiz lolaning ko‘zidan.
Armoni yo‘q joyga ketamiz,
Yomoni yo‘q joyga ketamiz.
Ko‘zimni sevinch ham yoshlasin,
Qo‘limni omad ham ushlasin.
Tishlarning izi bor ko‘ksimda,
Endi baxt labimni tishlasin.
Ziyoni yo‘q joyga ketamiz.
Yomoni yo‘q joyga ketamiz.
"œYilt" etgan ziyoga zor ko‘nglim,
Biz istar dunyolar bor, ko‘nglim.
Munisa Onamning ko‘ngli u,
U bizni kutyapti, yur, ko‘nglim,
Onamning ko‘ngliga ketamiz,
Onamning ko‘ngliga ketamiz.