U qaytib ketayotgan edi, Umar (r.a.) uni ko‘rib qoldilar:
- Nega kelding-u endi nega ketyapsan? - dedilar.
- Sizga xotinimdan shikoyat qilib kelgandim. Qarasam, bu dard, bu tashvish sizning boshingizda ham bor ekan. Shuning uchun shikoyat qilishdan kechib, qaytib ketayotgan edim, - dedi arzga kelgan kishi.
- Agar gap shundoq bo‘lsa, endi menga yaxshilab quloq sol, - dedilar xalifa. - Oiladagi ayollarimizning bizga sabr-qanoat, toqat bilan qilgan xizmatlari ham, ayni paytda erning zimmasida uning haqlari ham bor. Xotinim jahannam otashi bilan mening o‘rtamda bir parda-to‘siqdir. Ko‘nglim u bilan rohat topadi, haromga boqmayman, chunki u menga xotinlik vazifasini qiladi. U uyim va mulkimning qo‘riqlovchi muhofizidir, uydan chiqsam, u uydagi mol-mulkimni saqlab, bekalik vazifasini bajaradi. Kiyimlarimni yuvib-tozalaydi, uyning boshqa yumushlarini bajaradi, hamma yoqni orasta tutadi, bolalarni yuvib-tarab, yedirib-ichiradi, tarbiya qiladi. U mening ovqatimni pishirib, oldimga qo‘yadi, boshqa yumushlarimni qiladi. Shuncha xizmatlarni o‘rniga qo‘yib bajarib, biror marta ham minnat qilmaydi, zorlanmaydi.
Boyagi odam hazrati Umarning bu nasihatlarini eshitgach:
- Sizga qilinadigan bu xizmatlar menga ham qilinadi. Sizki
ayolingizni xush ko‘rib, ba’zi qusur-kamchiliklarini kechirganingizdan
keyin men ham xotinimning qusurlarini kechirdim, - dedi.