Safar anjomlarini taxt qilib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan uchrashish uchun Madina sari yo’l oldim. U kishi menga maktub yo’llamagan edilar, hayotimga omonlik ham bermagandilar, ammo "Alloh Adiyni mening oldimga olib kelishini umid qilaman" degan gaplari qulog’imga chalingan edi. Shuning uchun masjidga, u kishining huzuriga bamaylixotir kirib, salom berdim.
- Mehmon kim bo’ladi? — so’radilar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam.
- Adiy ibn Хotim, — o’zimni tanitdim men.
U kishi o’rinlaridan turdilar. Bilagimdan tutib, uylari sari yetakladilar. Biz masjiddan chiqar-chiqmas kichkina bola yetaklagan munkillagan kampir Payg’ambar janoblarini to’xtatdi va hojatini arz qilib, uzoq vaqt ushlab qoldi. U kishi kampirning so’zimn bo’lmay, diqqat bilan tingladilar va talabini qondirdilar. Men esa kutib turardim. Shunda o’zimcha "Yo’q, Хudo haqqi, bu odim podshoh emas", deb o’yladim.
So’ng biz u kishining manziliga kirdik. Sarvari Olam ichiga xurmo daraxtining po’stlog’i to’ldirilgan ko’rpachani solib, o’tirishga taklif qildilar. Men hijolat bo’lib, rad etdim. U kishi qo’yarda-qo’ymay meni ko’rpachaga o’tqazib, o’zlari yerga o’tirdilar, chunki xonada boshqa jihoz yo’q edi. Mening xayolimga yana bir marta "Yo’q, Хudo haqqi, bu odam podshohga o’xshamaydi", degan fikr keldi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga yuzlanib:
— Хo’sh, Adiy ibn Хotim, sen nasroniylik na sobiiylik o’rtasida omuxta bo’lgan rakusuy dinida emasmisan? - dedilar.
Men "ha", dedim.
- Sen, dining halol hisoblamasa-da, qavmingni topgan-tutganidan chorak qismini o’zingga olasan-a?
Men yana tasdiqladim va aniq bildim: bu kishi, shubhasiz, payg’ambar.
Allohning elchisi davom etdilar:
- Ey Adiy, seni haq dinga kirishingga mone’lik qilayotgan narsa, hoynahoy, musulmonlarning hojatmand va faqirliklari bo’lsa kerak, ammo, bilib qo’y, tez kunda molu dunyo ularning oyoqlari ostiga sochilib ketadi, hatto uni olishga odam topilmay qoladi.
Balki, musulmonlarning ozligi, dushmanlarning esa ko’pligi seni haq dindan to’sayotgandir. Хudo haqqi, tez kunda shunday xabarni eshitasan: qodisiyadan tuya minib chiqqan yolg’iz ayol hech qanday xavf-xatarsiz Baytullohning ziyoratiga borib keladi. U Allohdan boshqa hech kimdan qo’rqmaydigan bo’ladi.
Mulk, saltanat bugungi kunda musulmonlardan o’zgalarning qo’lida ekanligi seni haq dindan to’sib turgan bo’lishi ham ehtimoldan xoli emas. Allohning nomi bilan qasam ichib aytamanki, Bobil yeridagi oppoq qasrlar musulmonlar tarafidan fath etiladi, Kisro ibn Хurmuzning xazinayu dafinalari ularning qo’liga o’tadi.
- Kisro ibn Хurmuzning xazinalari? — ajablanib so’radim men.
- Ha, Kisro ibn Хurmuzning xazinalari, — dedilar qat’iyat bilan Allohning elchisi.
Shunda men shahodat kalimasini aytib, islomga kirdim.