O’rni kelganda aytib o‘taylik: ota-ona to‘y harakatini boshlaganida avvalo o‘z imkoniyatini chamalab ko‘rishi va shunga qarab marosimning darajasini, o‘tkazish tartibini belgilab olishi lozim. Undan so‘ng farzandning tarbiyasida shu masalaga ham joy berilishi shart. Ya’ni, dabdabadan, demakkim, kibrdan qochishning savobligi, birovlarga qarab ko‘ngilning cho‘kishi yaxshi emasligi, oila qurmoqlik faqat dabdabali to‘ydan iborat bo‘lmasligi, oila saodatini to‘yning shuhrati emas, to‘ydan keyingi totuv hayot belgilashi haqidagi haqiqatlarni farzandning ongiga singdirishga uriniщ kerak. Aybsitmasangiz misolni o‘z oilamdagi voqeadan keltirsam: agar kuzatsangiz «ZAGS» deb atalmish marosimda kelinnikiga keluvchi avtomashinalarning rusumi, sanog‘i bolalarni qiziqtiradi. Kaminaning o‘g‘li ham bir-ikki «falonchinikiga uchta «Mersedes», o‘nta «Volga» keldi», degan xabarlarni aytardi. Bir kuni shunday xabardan so‘ng «uch-to‘rt yildan so‘ng Xudo xohlasa seni uylantiramiz. Sen ham shunday mashina karvoni bilan kelinnikiga borasanmi?» deb so‘radim. O’g‘lim va u kabi o‘smirlar uchun avtomashinalar karvoni majburiy qoida kabi ko‘rinishi tabiiy. Chunki hamma shunday qilyapti. «Falonchining qiziga «Limuzin» kelibdi...» degan shov-shuvlar shamolday uchib yuradi. O’smir ota-onasidan shunday marhamat kutadi yoki orzu qiladi. Shuni bilgan holda kamina o‘g‘ilga «Xudo to‘yga yetkazsin, ammo biz bunday qilmaymiz. Nikohni ro‘yhatdan o‘tkazish uchun turnaqator bo‘lib borilmaydi, vakilni to‘yxonaga taklif etamiz», dedim. Bu gapimdan o‘g‘limning ajablanishini, ranjishini bilardim. Turnaqator avtomashinalar egalariga to‘lash uchun ortiqcha mablag‘im yo‘q, desam ehtimol tushunardi. Lekin bunga moddiy imkoniyat bo‘la turib rad etilishi o‘smirni lol qoldirdi. Shundan so‘ng bu kabi odatlar manmanlik ekani, manmanlik esa gunohligini tushuntirganday bo‘ldim. Bu suhbatdan so‘ng o‘g‘lim avtomashinalar karvoni haqida gapirmay qo‘ydi. Ammo ich-ichida armon mavjudligini bilardim va shuning uchun vaqt-bemahal ko‘chada ko‘rganim karvonlar haqida o‘zim gap ochardim va bu odatning yaxshi emasligini ta’kidlardim. Shuning barobarinda san’atkorlardan yaqinlarim ko‘p bo‘lsa-da, faqat bitta yoki ikkitasini taklif etish niyatimni ham bildirib turardim. Shu zaylda oradan bir necha yil o‘tib Xudo bizni ham to‘yga yetkazdi. Sovchilar kelin bo‘lmishning uylariga bordilar. Oraga vositachi odam qo‘ymay to‘y tartibi haqida o‘zimiz gaplashaylik, degan taklifimiz quda tomonga ma’qul tushib, mahallamizning oqsoqoli bilan bordik. Kamina orzu qilinayotgan to‘yning tartibini bayon etdim. Nikoh ro‘yxatidan o‘tishga bormaslik, «charlar», so‘ng esa «kuyov chaqirdi», «quda chaqirdi», deb atalmish marosimlarni o‘tkazmaslik haqidagi taklifimiz ularni bir oz o‘ylantirdi, bamaslahat javob qilajaklarini bildirishdi. Shukrki, qudalarimiz ham, kelinimiz ham buni to‘g‘ri tushundilar. Orzu qilgan to‘yimiz bir kunda chiroyli tarzda o‘tdi, isrofdan qochganimiz uchunmi, Olloh yoshlarimizning baxtini berdi.