Horis ibn Hishom bilan Zuhayr ibn Aru Umayya Maxzumiyni Abu Tolibning qizi Ummu Honi himoyasiga olgan edi. Horis payg‘ambar alayhis-salomga uchrashgan paytida rasululloh seni hidoyat qilgan xudoga shukr, senday odam islomning nimaligini tushunmay qolishi mumkin emasdi", dedilar. Sarvari olamning bu gaplari Hishomning ko‘nglini tog‘dek o‘stirib yubordi. U to umrining oxirigacha islom uchun astoydil jon koyitadigan sahobalardan biriga aylandi.
Yashirinib olgan Safvon ibn Umayya musulmonlarning qasosidan qo‘rqib o‘zini dengizga g‘arq etmoqchi bo‘ldi. Amakisining o‘g‘li Umayr ibn Vahib payg‘ambar alayhis-salomning huzurlariga kelib: "Ey ollohning payg‘ambari, Safvon o‘z qavmining boshlig‘i. Oldin qilgan gunohlaridan qo‘rqib o‘zini suvga g‘arq etmoqchi. Sen saxovat bilan hamma odamning gunohidan kechyapsan, unga ham omonlik bergin", deb o‘tindi. "Mayli, amakivachchanga borib ayt, gunohidan kechdim", dedilar rasululloh. "Bu gapingni isbotlaydigan biron nishona bergin", dedi Umayr. Payg‘ambar alayhis-salom sallalarini olib, uning qo‘liga tutqazdilar. Umayr sallani olib, Savfonga uchrashdi. "Ota-onam sadagang ketsin, men eng yaxshi, eng mehribon, eng muloyim, eng oqil odam — payg‘ambar alayhis-salomning yonidan keldim. U amakingning o‘g‘li, uning hurmati — sening hurmating, uning sharafi — sening sharafing, uning hokimiyati — sening hokimiyating. Yur, borib tavba qil", dedi. Safvon: "Unga ro‘para kelishdan qo‘rqaman", dedi. "Payg‘ambar alayhis-salom haddan tashqari muloyim, bag‘ri keng odam", deya uni ishontirishga urindi Umayr va omonlik berilganining nishonasi bo‘lmish sallani ko‘rsatdi. Safvon shundan keyingina payg‘ambar alayhis-salomga uchrashib: "Umayr rasululloh senga omonlik berdi, deyapti, shu gap rostmi?" deb so‘radi. "Ha rost" dedilar payg‘ambar alayhis-salom. "Unday bo‘lsa, menga o‘ylab ko‘rishga ikki oy muhlat bergin" deya iltimos qildi Safvon. Payg‘ambar alayhis-salom unga to‘rt oy muhlat berdilar. Safvon to‘rt oydan keyin kelib imon keltirdi va islom uchun astoydil xizmat qiladigan fidoyi musulmonlardan biriga aylandi.