DARVISH, qalandar (fors. - turkcha -qashshoq, kambag‘al; arab. faqir) - o‘zini Alloh yo‘lida xizmat qilishga bag‘ishlagan va o‘zini o‘zi kamolotga yetishtirish yo‘liga kirgan inson. "Sufiy" so‘ziga sinonim. D.lik ta’limotining asosini zikr tushish orqali xudo b-n "yaqinlashish" va, hatto, u b-n "qo‘shilib ketish" mumkin, degan g‘oya tashkil qiladi. Eron, O’rta Osiyo, Turkiyada D. so‘zi tor ma’noda - shaxsiy mulki bo‘lmagan kambag‘al, daydi zohidni (16-asr boshigacha -"qalandar" atamasining sinonimi) anglatgan. D.ning boshlang‘ich ma’nosini bildirgan "kambag‘al" so‘zi sufiylikning ixtiyoriy kambag‘allik, oz narsaga qanoat qilish haqidagi ta’limotidan kelib chiqqan. D. lar muayyan maslak (suluk)ka birlashgan va uning goyalarini targ‘ib qilgan. D. likning mashhur suluklari: naqshbandiylik, yassaviylik, kubroviylik va b. Ta’limoti, amaliyoti, odati va kiyimlaridan qat’i nazar, D.lar ikki guruh - daydi, doimo darbadarlik qilib yuruvchilarga va shayx, pirlar rahbarligida muqim yashovchilarga bo‘lingan. D.larning birinchi guruhi erta bahorda dunyo bo‘ylab safarga otlanganlar. Shuning uchun ularni "darbadar", eshikma-eshik yuruvchi deb ham ataydi. Ikkinchi guruhi hunarmandlar, savdogarlar, turli darajadagi amaldorlar va b.dan iborat bo‘lib, uyda yashab, o‘z ishlari b-n shug‘ullangan. Ular har kungi ibodatni bajargan, hafta yoki oyning aniq belgilangan kuni umumiy zikr tushishga qatnashganlar. Inqilobdan oldin O’rta Osiyoda ham D.lik keng yoyilgan, D.larning faoliyati b-n bog‘liq qalandarxonalar va xonaqoxlar mavjud bo‘lgan. D.lik suluklarining ta’siri Pokiston, Hindiston, Indoneziya, Eron va Afrikaning ayrim mamlakatlarida hozir ham mavjud.