So‘rashib-istashib, chor tarafi tuproq tomli uylar bilan o‘ralgan hovliga kirib bordik. Hovli uzun ketgan, bu boshida bir tup tutu narigi boshida bir tup nok qorayib ko‘rinar edi. Chor tarafda bir-biriga tutashib ketgan uylar, derazasini sanabam adashib ketish mumkin edi. Ayniqsa, ayvonning qizg‘ish ustunu to‘sinlari, toqilari vaqt o‘tishi bilan qoramtir tusga kirib ketgan edilar. Tepadagi tokchali uyga kirishimiz-la kovshandozning yonidanoq tancha ochilgan, tepada dor ko‘rinar, dorda shoda-shoda behiyu noklar osig‘liq edi. Kelganimizni eshitib, qaysi bir hujradan pochcha chiqib keldilar.
— Ey Salomxon, qaysi shamolar uchirdi? Zab kebsizlar-da, zab kebsizlar. Mahmudxo‘janing chirog‘ini xo‘p obkebsiz-da, xo‘b obkebsiz, — deb yelkamga qoqib, suyib ko‘rishdilar. Nusrat pochcha hiyla qarib, hassaga o‘tib qoptilar. Lekin shirinsuxanliklari — o‘sha-o‘sha, halimliklari, yuzlaridan nur yog‘ilishi o‘sha-o‘sha. U kishi jigarrang tusdagi silliq asolarini kovshandoz chetiga qo‘yib, o‘zlari tanchaning to‘riga o‘tdilar.
— Qani, Salomxon, siz bu yoqqa chiqing. Maqsudxo‘jam mening yonimga keladi, — dedilar u kishi.
Biz mehmonga solinib, hali yig‘ishtirilmagan ko‘rpachalarga o‘tirib ulgurmasimizdan eshik ochilib, qo‘lida oq dasturxon ko‘tarib, yo asta’firulloh (biz allavaqtdan beri yo‘qotib qo‘ygan!) Marg‘uba kennoyim kirib kela boshladi. Men turib ketay depman. Ammo u menga e’tibor ham qilmay, oyimlar bilan ko‘rishgani yelka tutib bora boshladi. Oyim ham dabdurustdan shoshib qoldilar:
— Iya, Marg‘ubaxon?!. Voy, opog‘oyiz o‘rgilsin. Esonmisiz-omonmisiz? — Oyim o‘tirgan yerlaridan ko‘tarilishga unnalib, qo‘llarini cho‘zdilar. — Hali Siz.. shu yoqlardamidiz?..
Kennoyim g‘alati xijolat ichida... duv qizardi-yu, yerga boqib, bosh egdi.
Xolam yuzlari yorishib, ko‘zlari qisilib, kulindilar:
— Hoy, Salomxon, manam edim saningdek, sanam bo‘lding maningdek: qaribmiz-qaribmiz...
— Yo‘g‘-e, opa, nega unday deysiz? — dedilar oyim alanglab.
— Ha, tanimading-ku, keliningni, — dedilar xolam o‘sha-o‘sha kulib.
— Nega tanimay? Marg‘ubaxon kim ekan — o‘sha o‘zimizning oy desa oy, kun desa kun degudek kelinimiz-da! — dedilar oyim dasturxon yoza boshlagan kennoyimga qarab.