Kaminaga bir odam otasining donoligi xususida so‘zlab bergan edi. U kishining otasi savdo xodimi bo‘lgan ekan. Otasining puldorligini bilgan yigitcha erkaliklar qilib turarkan. Bir kuni u «Ota, menga magnitofon olib bering», deb xarxasha qilibdi. Otasi:
-Magnitofon olib bersam, o‘rtog‘ing Eshmatga ham berib turasanmi?-deb so‘rabdi.
-Nega berarkanman, bermayman, o‘zining otasi olib bersin,-debdi yigitcha.
-Shunday xayoling borligi uchun ham olib bermayman-da. Eshmatning otasi ro‘zg‘orini zo‘rg‘a tebratadi, o‘g‘liga magnitofon olib berolmaydi. Men senga olib bersam, o‘rtog‘ingning ko‘ngli og‘riydi. Sen qizg‘anib, bermasang, oralaringdagi o‘rtoqchilik uziladi. Yaxshisi tomorqada ikkoving dehqonchilik qillaring, yetmaganini men qo‘shaman,- ota shunday deb, dehqonchilikka ham o‘zi boshchilik qilibdi.
Ota bir o‘q bilan ikki, balki uch quyonni urdi, desak mubolag‘a bo‘lmas. Avvalo ikki yigitchaning do‘stligini saqlabgina qolmay, ularni mehnat orqali yanada yaqinlashtirdi. Yaxshi ko‘rilgan narsaga mehnat tufayli yetishmoq afzalligini amalda isbot etdi. U kishi ota maqomidan o‘sib, farzandi va uning o‘rtog‘i uchun do‘st martabasiga chiqdi. O‘smir yoshidagi qizmi-o‘g‘ilmi, avval aytganimizday, aynan shunday do‘stga muhtoj bo‘ladi. Biz ba’zan farzandimizdan ranjisak: «Men sening o‘rtog‘ingmanmi!»- deb jerkib beramiz. Ozgina fikr qilib ko‘raylik: ehtimol farzandimizga chin do‘st bo‘lganimiz ma’qulroqdir? (Avvalgi bobda ham bu xususda qisqa tarzda bo‘lsa-da, so‘z yuritib edik, yodingizdadir?)
Bir qadrdonimiz ko‘pchilikni o‘ylatishi mumkin bo‘lgan voqeani so‘zlab berdi: qadrdonimiz katta o‘g‘linikiga borganida qirq yoshli o‘g‘li bilan o‘n to‘qqiz yoshli nabirasining o‘zaro bahslariga guvoh bo‘libdi. Nabirasining fikrlari unga ma’qul kelsa-da, bahsga aralashib, o‘g‘liga tanbeh berishni lozim topmabdi. Bahs nihoyasiga yetib, nabira chiqib ketgach, o‘g‘liga qarab: «avvalo, sen nohaqsan, bolangning fikrlari to‘g‘ri, hamonki bahslashishga o‘rin berdingmi, mag‘lubiyatingni ham tan olishga majbursan.