XXI asr she'riyati:
Yusuf XudoyqulEVRILISHYuragimga sig‘mayapti she’r,
Ulkan tog‘lar kiftimda go‘yo.
Hayot meni etadi tahqir,
Bir karomat ko‘rsatar dunyo.
Shu jussaga shunchalik tashvish,
O‘ylayapman, qadamlarim sust.
Bari bekor, bekorchi bir ish,
Yuragimga o‘zing bo‘yla, do‘st,
Kel, sharobni ko‘raylik baham.
Tog‘lar g‘arib osmon oldida,
O‘rtamizda mo‘’jaz soylik ham.
Bir piyola sharob qoldi-da...
Kapalakka o‘xshaydi kunlar,
Hech yurakka tutqich bermaydi.
Ko‘zlar ko‘kka o‘rgangan tunlar,
Eh, muqaddas yerni ko‘rmaydi.
Ana ko‘klam, bo‘y cho‘zdi yana,
Kuylayapti bog‘da zarg‘aldoq.
Nahot hayot qiz yanog‘iga
Qo‘nib olgan bitta qizg‘aldoq.
Yuragimga sig‘mayapti she’r,
Ulkan tog‘lar kiftimda go‘yo...