ASHOB UR-RUHONIYA
Bu toifaga kiruvchilar farishtalarga sig‘inadilar. Ular asosan hindlardir. Bu toifaning da’vosicha, Allohning huzuridan farishtalar inson qiyofasida ularga hukmlar keltiradilar, ularga shariatlar va hududlarni o‘rgatadilar. Shuning uchun ular farishtalarga sajda qiladilar.
Ularning bir guruhi gumon qilishlaricha, ularning payg‘ambari ruhoniy farishta bo‘lib, ismi Shit deyiladi, har kelganda boshiga uchburchakli munavvar qizil qalpoq kiyib keladi, unga sajda qilishadi.
Yana bir guruhning payg‘ambari osmondan odam suratida keladigan farishta bo‘lib, har kelganda olovni ulug‘lashga, unga sajda qilishga da’vat etadi, deyishadi va farishtaga hamda olovga sajda qilishadi.
Yana bir guruh yohudiya deb nomlanadi. Ularning da’vosicha, osmondan bir Yohud nomli farishta otga mingan, o‘liklarning‘ suyaklaridan boshiga toj kiygan va bo‘yniga marjon taqqan holda keladi, hammani Allohga, o‘ziga ibodat qilishga, o‘ziga sajda qilishga va o‘zining timsolida bir sanam yasab, o‘sha sanamga sig‘inishga buyuradi. Farishta, o‘zi ketgandan keyin, odamlar ham o‘liklarning suyaklaridan toj taqishadi, tarki dunyo qilishadi.
Kelgan farishtaning nomi bor, qalin sochli, bir qo‘lida og‘zini ochib turgan zaharli ilon, yana bir qo‘lida hassa, uchinchi qo‘lida bosh suyagi, to‘rtinchi ko‘lini tepaga ko‘targan, ikki qulog‘iga don osilgan, badanini ikki ajdar o‘ragan, boshida o‘liklarning suyaklaridan yasalgan toj, bo‘ynida esa suyaklardan marjon osilgan.
Bu guruhning da’vosicha, ularning farishtalari barcha yomon va yaxshi xislatlar, masalan: saxovat va ziqnalik, yaxshilik va yomonlikning sohibi bo‘lgani uchun sig‘inishga loyiq zotdir. Shuning uchun ham ular farishta timsoli yonida ibodat qilishib, hojatlarini tilar ekanlar, qattiq qo‘rquvda bo‘ladilar. Bu farishtaga atab Hindistonda katta uy qurilgan, uning yoniga har kun uch yuz odam kelib, unga sig‘inadilar va undan hojatlarini so‘raydilar, hatto erkaklar: «Mening xotinim falonchi, mendan falon narsani olib berishimni so‘rayapti, shu narsani menga ato qilgin», — deb, arzimas narsalarni xam farishtadan so‘rayveradilar.
Ba’zilar kelib u farishtaning yonida bir necha kun va tun istiqomat qiladilar, shu muddatda ovqat yemaydilar, ichimlik ichmaydilar, unga yolvorib, hojatlarini so‘raydilar, tasodifan hojatlariga erishsalar, farishtadan yuz o‘girib, uni la’natlab ketadilar.