YIGIRMA SAKKIZINCHI JUZ’
*************************
MUJODALA SURASIMujodala - bahslashish, janjallashish.
Eri bilan janjallashib kelgan Havla ismli ayolning Rasulullohga shikoyat qilib kelishi tasvirlangan bu surada imon, e'tiqod va ezgu ishlarga da'vat, kufr, shirk, zulm kabi razil sifatlardan nafrat qilishga chaqiriladi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. (Ey, Muhammad,) Alloh Siz bilan o'z eri haqida bahslashayotgan va Allohga shikoyat qilayotgan (ayol)ning so'zini eshitdi. Alloh sizlarning so'zlashuvlaringizni eshitur. Albatta, Alloh eshituvchi va ko'ruvchidir. Izoh: Sahobiy Avs ibn Somitning xotini Havla bint Sa'laba Payg'ambar (a. s.)ga kelib, eri "zihor" qilganini aytadi. Zihor o'z xotiniga: "Sen menga onamning qorni yoki badani kabisan" deyishidir. Bu bilan taloq tushgan hisoblanar edi. Lekin bu to'g'rida shar'iy hukm hali nozil bo'lmagan edi. Payg'ambar (a. s.) taloq tushganligini aytganlarida, ayolga bu ma'qul bo'lmaydi. Shu asnoda yangi oyat nozil bo'lib taloq tushmasligi, lekin jarimasiga bir qul ozod qilish vojibligi bildiriladi. 2. Oralaringizdagi o'z xotinlarini "zihor" qiladigan kimsalar uchun ular (xotinlari) onalari emasdirlar. Ularning (chin) onalari ularni tuqqan (ayol)lardir. Ular, haqiqatan, nomaqbul va yolg'on so'z ayturlar. (Lekin) Alloh afv etuvchi va mag'firat qiluvchidir.
3. O'z xotinlarini "zihor" qilib, so'ngra aytgan so'zlaridan qaytadigan kimsalar (zimmasida) qo'shilishlaridan ilgari bir qul ozod qilish bordir. Bu sizlarga qilinadigan nasihatdir. Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.
4. Bas, kimki (qul) topa olmasa, qo'shilishlaridan ilgari (zimmasida) paydar-pay ikki oy ro'za tutish bordir. Bas, kim (ro'za tutishga) qodir bo'lmasa, (uning zimmasida) oltmishta miskinga taom berish bordir. Bu (hukmlar) sizlar Alloh va uning payg'ambariga imon keltirishlaringiz uchundir. Bular Allohning (belgilab qo'ygan) chegaralaridir. (Bu qonunlarni inkor etuvchi) kofirlar uchun esa alamli azob bordir.
5. Albatta, Alloh va Uning payg'ambariga muxoliflik qiluvchi kimsalar xuddi o'zlaridan avvalgilar halok qilingani kabi halok qilinurlar. Darvoqe, Biz aniq oyatlarni nozil qildik. (Ularni inkor etuvchi) kofirlarga xor qiluvchi azob bordir.
6. (O'sha) Kunda Alloh ularning barchalarini qayta tiriltirib, (dunyoda) qilgan amallarining xabarini berur. U (amallar)ni Alloh hisoblab qo'ygan. Ular esa unutib yuborganlar. Alloh barcha narsaga guvohdir.