Hali-hali esimda, yosh bola ekanman, zabardast yigitlar ko'taradigan katta-katta qoplarni yelkamga tashlab, uning bir burchagidan mahkam tishlab trapdan yuqoriga chiqar ekanman, qovurg'alarim mayishib ko'zlarim tinib ketardi. Qadam sayin trapning taxtalari egilib,koppon ichidan ko'tarilayotgan chang aralash g'ubor o'pkani qisardi. Necha marta xoldan toyib, orqamdan sirg'alib tushib borayotgan qopni yelkamdan irg'itib, o'zim ham sakrab yuborgim kelardi.Lekin orqamdan ham qop ko'targan odamlar kelardi. U ham menga o'xshagan bir yosh boladir, yoki tushib chiqib yurgan ayollarning biridir. Agarda urush bo'lmaganida bunday og'ir yukni ularga kim ko'tartirib qo'yardi? Shunday og'ir ishga ayollar dosh berayotganida nolishga haqqim bormi?
Ana oldinda Jamila yangam borayapti. Etagini qistirib olgan, uning bug'doyrang chiroyli oyoq muskullari tarang tortilib, paylari uzilib ketgudek bo'lardi. U go'yo yukini yengillatayotgandek bukilib, egilib og'ir qadam tashlab borardi. Goh-goh u mening xoldan toyib borayotganimni sezgandek to'xtab qolardida:
-- Boshashma kichkina bola, oz qoldi -- deb qo'yardi. Biroq o'zi ham qattiq charchaganidan ovozi bo'g'ilib chiqardi.
Bug'doyni to'kib orqaga qaytayotganimizda doim Doniyorga duch kelardik. U odati bo'yicha hech kimga qo'shilmay, salmoq bilan oyog'ini oqsoqlatib borardi. Biz unga yondoshganimizda, og'ir tortgan bo'ynini cho'zib,qistirilgan ko'ylagining barini yozib kelayotgan Jamilaga qovoq ostidan tikilib o'tardi. U Jamilani xuddi birinchi marta ko'rayotgandek hamisha ana shunday tikilib qarardi. Lekin JAmila bunga sira e'tibor bermasdi. Birga ishlaganimizdan buyon ularning biron marta ham ochilib gaplashganini ko'rganim yo'q. Jamila ba'zan shunchaki xazillashib, tegishib kulib gapirsa,
ba'zida mutlaqo ishi bo'lmasdi, bu uning kayfiyatiga bog'liq edi. Hushi kelsa yo'lda kelayotib Jamila menga: "Qani chux de, kichkina bola, ketdik!" der edi-da, o'tirgan yeridan sapchib turib, qiyqirib qamchini o'ynatganicha aravani haydab ketardi. Men ham undan qolishmasdim, hash-pash deguncha oldinda borayotgan Doniyorni quvib o'tib ketardik. Doniyor orqada chang-to'zon ichida qolardi. Aslida bu xazil bo'lsada, lekin bunday xazilga hammayam chidayvermasdi. Biroq Doniyor g'ing demas, ranjimas edi. Biz chang-to'zon ko'tarib, uning yonidan tasir-tusur qilib o'tib ketsak ham, u go'yo aybdor kishidek muloyimgina kulimsirab, aravada tik turganicha otlarga ustma-ust qamchi bosib borayotgan Jamilaga ajablanib, indamay qarab qolardi. Uning jahli chidmikin deb orqamga qayrilib qaraganimda, chang quyuni ichida qolgan Doniyorning mamnun bo'lgandek Jmiladan ko'zini olmay tikilib turganini payqardim. Uning bu qarashida o'ta ko'ngilchanlik, olijaniblik bilan birga yuragini kuydirayotgan allaqanday sirli bir xasrat borligi sezilib turardi. Jamilaning bu qiliqlarini, istexzoli kulishlarini, yonida go'yo mesimagandek indamay o'tishlarini Doniyor hecham ko'ngliga og'ir olmas, bariga chidab, bir og'iz so'z qaytarmas edi.