"Zakotni (hech narsasi yo‘q) faqirlarga, (topgani uchi-uchiga yetmaydigan) miskinlarga, zakot nazoratchilariga, dillarini islomga moyil qilish ko‘zda tutilgan kimsalarga, qullarni ozod qilishga, (halol ishga mol-dunyo sarflab, qarzdor bo‘lib to‘layolmaydigan) chorasizlarga, xudo yo‘liga (g‘arib goziylarga, g‘arib hojilar, g‘arib musofirlarga), mol-mulkidan foydalanish imkoniyatidan vaqtincha mahrum musofirlarga berish farz. Olloh, hamma narsani bilguvchi va hikmat bilan ish yurituvchidir".
Ko‘rinadiki, zakot boylarning mol-dunyosiga zarar yetkazmagan holda ijtimoiy hayotda ma’lum mo‘tadillikni yuzaga keltirish, beva-bechoralarga ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan ko‘maklashish imkonini beradi. Yo‘qchilik juda ko‘p mamlakatlarda mazkur tuzumga qarshi norozilikka sabab bo‘ladi, ijtimoiy adolat, tenglik, ozodlik uchun kurash o‘tini yoqadi. Zakot esa mana shunday notinchliklarning oldini oladigan adolatli yo‘ldir.