Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Sizlardan ilgari o‘tgan Bani Isroil qavmida biron kishi xato ish qilsa, boshqa biri uni koyib, bu ishdan qaytarardi. Ertasiga esa, kechagina uning xato qilganini ko‘rmaganday, u bilan birga o‘tirar, yeb-ichar edi. Alloh taolo ularning bu ishini ko‘rgach, ayrimlarining qalblarini ayrimlari tufayli muhrladi hamda ularni Dovud va Iso ibn Maryam tilida la’natladi. Ular osiylik qilganlari va hadlaridan oshganlari sababli shu balolarga duchor bo‘ldilar. Jonim qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, albatta, yaxshilikka buyurasizlar, yomonlikdan qaytarasizlar, xatokorning qo‘lidan tutib, haqqa, albatta, yo‘llaysizlar. Bo‘lmasa, Alloh, albatta, ayrimlaringiz qalblarini ayrimlaringiz tufayli muhrlaydi va ularni la’natlagandek, sizlarni ham la’natlaydi» (Tabaroniy rivoyati).
Abu Said Xudriy roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir necha qurayshlik o‘tirgan uyga kirdilar-da, eshikning ikki kesakisidan tutib turib: «Uyda faqat qurayshliklar bormi?» deb so‘radilar. Ular: «Yo‘q, singlimizning o‘g‘li ham bor», deyishdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Qavm singlisining o‘g‘li ham ulardandir», dedilar va davom etdilar: «Albatta, bu ish rahm-shafqat so‘rashganda rahm-shafqat ko‘rsatar, hukmda adolat qilar va taqsimotda to‘g‘ri, halol taqsimlar ekan, Quraysh qo‘lida bo‘ladi. Kimki buni qilmas ekan, unga Allohning, farishtalarning va barcha insonlarning la’nati bo‘lur» (Tabaroniy rivoyati).
Urva ibn Zubayrdan rivoyat qilinadi: Zubayr roziyallohu anhu bir o‘g‘rini uchratib qoldi va uni shafoatiga oldi. Undan: «Imomga (boshliqqa) olib borguncha shafoatingizga oldingizmi?» deb so‘rashgan edi, u zot: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, (imomga) yetgan vaqtda shafoat qiluvchini ham, shafoat qildiruvchini ham Alloh la’natlaydi», deya javob berdilar (Tabaroniy rivoyati).