Makkaga qaytish
Tuhmatchi Ibn Abize’b xalifa Abu Ja’far Mansur oldiga borib, Hasan ibn Zayd xalifalikka erishish uchun orqadan ish ko‘ryapti, deb aytdi. Xalifa Hasanni ushlashni va Madina hokimligidan tushirib, qamoqqa mahkum etishini buyurdi. Mol-mulkini musodara qildirdi. Hasanning oilasi Makkaga ko‘chishga qaror qildi. Nafisa bobolari bilan vidolashish uchun Masjidi Nabaviyyaga kirdilar va ravzai muborakda namoz o‘qidilar. Namozdan so‘ng Payg‘ambar qabrlari oldida turib dedilar: «Salom sizga, ey ulug‘ bobo! Hamma odamlarga Allohning rasuli bo‘lmish - Sizga salom olamlarga rahmat bo‘lib kelgan zot, salom sizga, ey Qur’on egasi, salom sizga, ey butlarni sindirgan zot, salom sizga, ey Rahmonning habibi, haqqoniy Podshohga bizni shafoat qilguvchi zot, salom sizga, ey me’roj egasi, g‘orda yashagan va hamd bayrog‘ining egasi, qiyomatda, Allohga ro‘baro‘ bo‘ladigan. Havzidan sug‘oruvchi zot, sizga salom, sizni tashlab ketayotgan nabirangizdan salom. Sizni yaxshi ko‘ruvchi, sizning yaqinligingizni yaxshi ko‘ruvchi, sizga qo‘shnichilikni yaxshi ko‘ruvchi, sizning odoblaringizni mahkam ushlovchi nabirangizdan salom, to qiyomatda ko‘rishguncha!»