b)Abdulloh ibn Mas’ud (r.a.)ning tarjimai holi.
Ibn Mas’udning to‘liq nomlari Abdulloh ibn Mas’ud ibn G’ofil ibn Habib ibn Sammah bo‘lib, Abu Abdurrohman Al-Huzaliy kunyalaridir, nasablari Muzarga yetadi. Onalari Ummu Abd binti Abdul Huzayl qabilasidan bo‘lib, ba’zida Abdullohning nomlarini onalariga nisbatan Ibnu Ummi Abd ham deyiladi. Ibn Mas’ud (r.a.) ozg‘in, bo‘ylari past, bug‘doy rangli edilar. Ancha avval Islomni qabul qilgan edilar. O’zlarining shohidlik berishlaricha, Yer yuzida hali hech kim musulmon bo‘lmaganda, yettinchi bo‘lib Islomni qabul qilganlar. Qur’oni Karimni Payg‘ambarimiz (s.a.v.)dan keyin Makkada birinchi bo‘lib oshkora tilovat qilganlar va shu sababdan ham Quraysh kofirlaridan ko‘p aziyatlar chekkanlar. Ibn Mas’ud Islomni qabul qilganlaridan keyin Payg‘ambarimiz (s.a.v.) uni o‘zlariga xizmatga oldilar. Ibn Mas’ud jonu-dil bilan xizmat qilib Payg‘ambarimiz (s.a.v.) ga tahorat suvi tayyorlab berardilar, misvoklarini va kovushlarini avaylab saqlar edilar. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) agar o‘rinlaridan tursalar, kavushlarini kiydirib qo‘yardilar, agar o‘tirsalar kavushlarini yechib, qo‘ltiqlarida saqlar edilar, agar yursalar Ibn Mas’ud oldinda yurardilar, agar g‘usl qilsalar, Ibn Mas’ud parda bilan to‘sib turardilar. Agar uxlab qolsalar, uyg‘otar edilar. Ibn Mas’ud onalarimiz huzurlarida ham behijob yurardilar, hatto Abu Muso Al-Ash’ariy Ibn Mas’udni Payg‘ambar oila a’zolaridan biri, deb gumon qilgan edi.
Abu Muso Al-Ash’ariy aytadilar: "Men birodarim bilan Yamandan kelib, Payg‘ambar xonadonlarida biroz turganimda Ibn Mas’ud va onalarini Payg‘ambar huzurlariga ko‘p kirib-chiqqanligidan shu xonadon ahli bo‘lsa kerak, deb o‘yladim". (Buxoriy va Muslim)