Kecha Toshkent-Oqqo'rg'on yo'nalishidagi marshrutkalar qatnaydigan bekatga keldim. Qorong'u tushib qolgan, yo'lovchilar ancha siyrak. Marshrutka egasi - o'rta yoshlardagi shofyor sigaretini tutatgancha o'yga cho'mib turibdi.
-Aka, Oqqo'rg'onga yurasizmi?-so'radim shofyordan.
-Ha, chiqavering. Odamlar yig'ilsin. Yuramiz,- dedi u biroz beparvo oxangda.
Men mashinaga chiqmasdan odam to'lishini kutishni ma'qul ko'rdim. Oradan biroz vaqt o'tgach, yoshi o'ttizlarni qoralab qolgan bir ayol keldi. U shofyorni ko'pdan beri taniydi shekilli:
-Zafar aka, ketib qolmabsiz, yaxshi bo'ldi. Yana sizni mashinangizda ketadigan bo'ldim, - dedi u quvonib.
Shofyor uni ko'rdiyu, yuzini burdi.
-Nega unaqasiz? dedi shofyor ayoldan arazlagandek.
-Nima bo'ldi?
- Har kuni Toshkentga qatnaysiz. Mendan boshqa mingta taksiga chiqasiz. Lekin nega har doim mening mashinamda yurishingizni eringizga aytasiz. Har doim "Zafar akaning mashinasiga chiqaman",deb eringizga aytib borarkansiz. Nega boshqa taksistlarni aytmaysiz? Kecha eringiz menga:"Xotinimni yolg'iz qoldirmas ekansan. Zeriktirmaydimi yo'lda...?", deb piching qildi. Axir eringiz noto'g'ri tushunadiku. Nega aytib borasiz?
-Buni nimasi yomon?
-Aytib bormang. Agara aytib boradigan bo'lsangiz, mening mashinamga chiqmang. Shundoq ham muammolarim yetarli. Mashinamga chiqishingizni aytib borib, eringizning noto'g'ri xayolga borib, menga kesatib gapirishlari kerakmas.
Ayol jaxli chiqdi, chog'i nari ketdi va boshqa taksini to'xtatdi.