TAG’OBUN SURASIBu sura Madinada nozil qilingan bo‘lib, o‘n sakkiz oyatdir. Sura Alloh taoloning qudrati ilohiyasiga dalolat qiladigan oyatlar bilan boshlanib, so‘ngra ilgari o‘tgan dinsiz kimsalar topgan oqibatlar va ular oxiratda giriftor bo‘ladigan alamli azob haqida xabar beriladi.
Bu surada o‘lgandan keyin qayta tirilish Kuni bor ekanligini inkor qilgan kofirlarning da’volari keskin rad etilib, Parvardigori olam nomiga qasam bilan u Kunning haq ekani ta’kidlanadi va uni «Tag‘obun», ya’ni «Bir-birlarini aldash-ziyon yetkazish» Kuni deb ataladi. Chunki bu dunyoda mo‘minlarni aldab, ularga ziyon yetkazish harakatida yurgan kofirlar u Kunda do‘zaxga giriftor qilinishlari bilan o‘zlarining ziyon tortib, aldanib qolganliklarini bilishib, nadomatlar qilurlar, mo‘minlar esa u Kunda jannat ne’matiga erishishlari bilan hayoti dunyoda kofirlarning vasvasa-aldovlariga uchmaganliklari sababli katta foyda ko‘rganliklarini bilurlar.
Sura oxirida mo‘minlarga topgan mol-mulk va bola-chaqalari ular uchun faqat bir imtihon ekanligi uqtirilib, ularni qo‘llaridan kelganicha taqvo bilan hayot kechirishga va Alloh yo‘lida bechora-miskinlarga xayr-ehson qilishga da’vat etiladi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).1. Osmonlardagi va yerdagi bor narsa Allohga tasbeh aytur. Egalik — podshohlik yolg‘iz Unikidir va hamdu sano yolg‘iz Uning uchundir. U barcha narsaga qodirdir.
2. U sizlarni yaratgan zotdir. Bas, sizlardan (ayrimlaringiz) kofir, sizlardan (ayrimlaringiz) mo‘mindir. Alloh qilayotgan amallaringizni ko‘rib turguvchidir.
3. U osmonlar va yerni Haq (qonun) bilan yaratdi va sizlarga surat-shakl berdi — suratlaringizni go‘zal qildi. Yolg‘iz Unga qaytish bordir.
4. U osmonlar va yerdagi bor narsani bilur va U sizlar yashiradigan narsani ham, oshkor qiladigan narsan ham bilur. Alloh dillardagi sirlarni bilguvchidir.
5. (Ey Makka kofirlari), sizlarga avvalgi kofir bo‘lishib, so‘ng (hayoti dunyodalik paytlaridayoq) o‘z ishlarining ziyonini totgan kimsalarning xabari keldimi? Yana ular uchun (oxiratdagi) alamli azob ham bordir.
6. Bunga sabab, ularga payg‘ambarlari (o‘zlarining haq payg‘ambar ekanliklarini bildiruvchi) hujjatlar bilan kelganlarida ular: «Bizlarni (o‘zimizga o‘xshagan) bashar (avlodlari) hidoyat qilurlarmi?!» deyishib, (u payg‘ambarlarga) kofir bo‘lganlari va (iymondan) yuz o‘girib ketganlaridir, (shunda) Alloh (ularni halok qilish bilan O’zi ularning iymonlaridan) behojat ekanligini ko‘rsatdi. Alloh behojat va hamdu sanoga loyiq zotdir.
7. Kofir bo‘lgan kimsalar o‘zlarining hech qachon qayta tirilmasliklarini gumon-da’vo qildilar. (Ey Muhammad, ularga) ayting: «Yo‘q! Parvardigorimga qasamki, albatta qayta tirilursizlar, so‘ngra albatta sizlarga qilgan amallaringizning xabari berilur. Bu Allohga osondir».
8. Bas, sizlar Allohga, Uning payg‘ambariga va Biz nozil qilgan Nurga — Qur’onga iymon keltiringlar! Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir.
9. (Alloh) sizlarni to‘playdigan to‘planish Kunini (eslangiz)! Bu (odamlar) bir-birlarini «aldab-ziyon yetkazadigan» Kundir (ya’ni, hayoti dunyoda iymon egalarini aldab-ziyon yetkazib yurgan kofirlar u Kunda do‘zax azobiga duchor qilinish bilan o‘zlarining aldangan kimsalar ekanliklarini bilib olurlar). Kim Allohga iymon keltirsa va yaxshi amal qilsa (Alloh) uning yomonlik-gunohlarini o‘chirur va uni ostidan daryolar oqib turadigan, (barcha jannat axli) abadul-abad qoladigan jannatlarga kiritur. Bu esa ulug‘ baxtdir.