50-bob
Odob haqida
Umar ibn Xattob (roziyallohu anhu): "Avval odob, so'ng ta'lim beringlar", dedilar.
Abu Abdulloh Balxiy: "Nafsning odobi ilmning odobidan ko'proq, ilmning odobi ilmning o'zidan kattaroq", deganlar.
Abdulloh ibn Muborak aytadilar: "Agar menga, bir kishida avvalgilaru oxirgilarning ilmi bor, deb sifatlashsa-yu, unda odob bo'lmasa, u bilan uchrashmaganimga afsuslanmayman, agar bir kishi haqida nafs odobi bor deb eshitsam, unga yo'liqishni orzu qilaman, uchrashmasam afsuslanaman".
Aytiladiki, Islom beshta qo'rg'oni bo'lgan shaharga o'xshaydi. Birinchisi, oltindan, ikkinchisi, kumushdan, uchinchisi, temirdan, to'rtinchisi, pishiq g'ishtdan, beshinchisi, xom g'ishtdan. Modomiki, qo'rg'on ahli xom g'ishtdan bo'lgan qo'rg'ondagilar bilan ahdlashsa, dushman ularga hujum qila olmaydi. Agar bir-biri bilan ahdlashuvni tark qilishsa, xom g'ishtdan bo'lgan qo'rg'on xarob bo'ladi, so'ng dushman ikkinchisiga hujum qiladi, so'ng uchinchisiga, hatto qo'rg'onlarning hammasi xarob bo'ladi. Shuningdek, Islom ham beshta qo'rg'on ichidadir: birinchisi yaqiyn (qat'iy ishonch), so'ng ixlos, so'ng farzlarni bajarish, so'ng sunnatlarni to'liq qilish, so'ng odobni saqlash. Modomiki, banda odobni saqlab, unga ahd qilar ekan, shayton unga hamla qilolmaydi, agar odobni tark qilsa, shayton sunnatlarga hujum qiladi, so'ng farzlarga, so'ng ixlosga, so'ng yaqiynga. Inson hamma ishlarida odob saqlashi lozim: namoz, tahorat, sotish, sotib olish, suhbat va bundan boshqalarda. Kelgusi boblarda shart bo'lgan odoblarni bayon qilamiz. Avvalo tahorat va namoz odoblari haqida.