307. Barcha xalqlar bamisoli Tangrining ahlu ayolidir. Ulardan Tangriga yoqimlirog’i o’z ahlu ayoliga foydasi ko’p tegadiganidir.
308. Ot — uch xil ish uchundir. Biri savob, biri parda va yana biri gunohdir. Savoblisi shuki, kishi uni Tangri yo’lida o’tloqda yoki uyida boqsa, unga savob yozilur. O’tlashi uchun uni yaylovda yoki o’z bog’chasida bog’lab qo’ysa, arqoni yetgan joyigacha savob yozilaveradi. Bordiyu u arqonni uzib, bir-ikki dovon ketib qolsa, yo’ldagi izi va axlati uchun ham savob yozilaveradi. Agar qochib borib biron daryodan o’zicha suv ichsa, bunga ham savob yozilaveradi. Boyish va zoriqmaslik uchun boqib, uni parvarish qilish va minishdagi Tangrining haqqini unutmagan bo’lsa, unga shu ot do’zaxdan parda bo’ladi. Agar kishi ulovini faxr va riyo uchun hamda mo’minlarga qarshi harakat uchun boqsa, bu bilan unga gunoh yoziladi.
309. Oldingi ummatlarimdan sizlarga yetib kelgan kasallik — bu hasadgo’ylik va o’zaro yomon munosabatdir. Vaholonki, bu sifat sochning emas, dinning qiruvchisidir. Muhammadning ruhiga molik zot bilan qasamyod etamanki, to mo’min bo’lmagunlaringizcha jannatga kirmaysizlar. To bir-birlaringga o’zaro muhabbatli bo’lmagunlaringcha mo’min bo’lmaysizlar. Nima qilsalaringiz do’stlashib ketishlaringizni aytaymi? Bir-birlaring bilan salomlashib yuringlar.