Muqotil Alloh Ta’oloning ushbu oyati karimasi
وَإِنْ مِنْ قَرْيَةٍ إِلا نَحْنُ مُهْلِكُوهَا قَبْلَ يَوْمِ الْقِيَامَةِ أَوْ مُعَذِّبُوهَا عَذَابًا شَدِيدًا كَانَ ذَلِكَ فِي الْكِتَابِ مَسْطُورًا
"Har bir qishloq borki, biz ularni qiyomatdan oldin halok qiluvchimiz yoki ahlini qattiq azob bilan azoblaymiz. Bu narsa Kitobda (Lavhul mahfuzda) yozib qo‘yilgan" (Al-Isro surasi, 58) ning tafsirida Qustantiniya (Istanbul)ning fath etilishiga va Andalus (Ispaniya)ning vayron etilishiga ishora qiladi va shunday deydi: "Men Zahhok ibn Mazohimning tafsirida ko‘rdimki, unda: "Makkani habashlar xarob qiladi, Madina ahli ochlikdan halok bo‘ladi, Basra suvga g‘arq bo‘ladi, Kufani turklar vayron qiladi, tog‘lar momaqaldiroq va zilzilalar bilan yiqiladi, Xurosonning halokati ham shunga o‘xshash narsalar bilan...", — deb, har bir shaharning halokati to‘g‘risida "bashorat" beradi".
(Tafsirul Olusiy, 15-j. 93-b.)
Muqotil ibn Sulaymon yana Vahb ibn Munabbahdan shunday rivoyatni keltirgan: "Armaniston xarob bo‘lmaguncha Jazira (Saudiya Arabistoni) xarob bo‘lmaydi, Misr xarob bo‘lmaguncha Armaniston xarob bo‘lmaydi, Kufa xarob bo‘lmaguncha Misr xarob bo‘lmaydi va "Katta urush" "bo‘lmaydi, Katta urush bo‘lsa, Baniy Hoshimdan chiqqan bir kishi qo‘lida Qustantiniya fath etiladi, zanjiylar tarafidan Andalus vayron qilinadi, Andalus tarafidan Afriqo xarob etiladi, askarlar orasidan nizo chiqishi va Nilning qurishidan Misr xarob bo‘ladi, Iroq aholisi ochlikdan qiriladi, Kufa dushman tarafidan muhosara qilinadi va Furot suvi bo‘g‘ib qo‘yiladi, Basra Iroq tarafidan suvga g‘arq qilinadi, Ayla
(Qizil dengiz sohilidagi shahar) dushman tarafidan quruqlikdan ham, suvdan ham qamal qilinib, vayron etiladi, Ray shahri Daylam
(Eronning Qazvin viloyatidagi tog‘lik maskan) tarafidan, Xuroson Tibet tarafidan, Tibet Xitoy tarafidan yakson etiladi, Hindiston va Yaman chigirtka balosidan, Makka habashlar sababidan, Madina ochlikdan barham topadi".
(Tafsirul Olusiy, 15-j. 93-b)Tobi’iylar zamonidan yana bir oz muddat o‘tgandan keyin bunday tajovuzkorlik, isroiliyotlarga berilish shu darajaga yetdiki, endi har bir rivoyatni rost-yolg‘onligini, kimdan va qaerdan eshitilganligini surishtirmay, agarchi aql ko‘tarmasa ham, Qur’on oyatlari qatoriga tafsir sifatida qo‘shib aytila boshlandi, Tafsirlarni kitob qilib yozish — tadvin davrida esa tafsir kitoblari ana shunday isroiliyotlar va asossiz rivoyatlar bilan to‘ldirildi.