Zulayho ko‘rdiki, xotinlar go‘sht to‘g‘radilarmi yo qo‘llarini to‘g‘radilarmi, bilmas edilar. Bu manzaradan Zulayho kuldi-da, Yusufga "Uyga kirgil!" dedi.
- Qo‘llaringizga boqing, - dedi Zulayho xotinlarga qarab. Ko‘rsalar hammalarining barmoqlari, bilaklari bo‘g‘in-bo‘g‘inlaridan kechilmish, kiyimlari qip-qizil qonga bo‘yallmish. - Sizlar bir martagina ko‘rib, qo‘llaringizni to‘g‘radingizlar. Erta-yu kech uni ko‘rib turgan holda men qandayin ham sabr qilayin?! Qandayin ham oshiq bo‘lmayin?! Malomat qilishlikka arzirmikan yo yo‘q?
Xotinlar hijolatdan boshlarini qo‘yi soldilar. So‘zlagudek hollari qolmadi. Zulayho tahsinlar aytib, ko‘p uzrlar so‘rashdi. Zulayho qilgan ishiga iqror bo‘ldi. Aytdilarki, chiroqni ko‘rib, o‘zini o‘tga urgan parvonani malomat qiladilaru, ertasi o‘zlari ham parvona kabi chiroqqa kelib quyiladilar.
- O’z qulingga oshiq bo‘lding, Deya malomat qildinglar, bundan tonmayin, - aybini tan oldi Zulayho. - Yusufni huzurimga chaqirib, eshiklarni berkitdim, ko‘ylagi etagini ham men yirtdim. Ammo, Yusuf o‘zini saqladi, menga bo‘ysunmadi. Bilinglarki, bu Yusuf ko‘hlikdir, pokizadir, ham zohid va olimdir. Men uning ko‘ngliga ma’qul tushmadim, rasvo bo‘ldim, El malomatiga uchradim, sharmanda bo‘ldim. Agar u mening buyrug‘imga itoat qilmasa, albatta zindonga tashlaturman.
- Bu ishingdan qaytgin, - deyishdi xotinlar. - Bu ishni bizlarga qo‘yib bergin, uni zindon Bilan qo‘rqitib, senga moyil qilib beraylik.