Shunda ul:
— Men ularni jannatga qiziqtirdim, do‘zaxdan qo‘rqitdim, Islom diniga da’vat qildim, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Hoy yolg‘onchi, qachon shunday deding, yolg‘on so‘zlama, — deb unga aytgan so‘zlarining birini ham qoldirmay aytib berdilar.
U ersa hayron qolib, xijolat bo‘lganidan:
— Yo Rasulalloh, bu ishdan, Xudoga tavba qildim, aning payg‘ambaridan bu gunohim uchun avf so‘rarman,— dedi.
Bu aytgan xiyonat so‘zini sahobalar anglab, uni o‘ldirmoqchi bo‘lsalar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ruxsat qilmadilar.
So‘ngra Hazrati Umar Rasulullohga kelib:
— Yo Rasulalloh, bu ishimiz ko‘p uzayib ketdi, qal’a¬ga hujum boshlaylik, ruxsat qiling, — dedi.
Anda Rasululloh:
— Bu to‘g‘rida men Allohdan vahiy kutmoqda edim, shu kungacha vahiy kelmadi. Endi bu ish ustida maslahat qilgaymiz, — deb Daylam qabilasi raisi Navfal ibn Muoviyani chaqirtirib, bu haqda u bilan kengashib oldilar.
Ul:
— Yo Rasululloh, bular bo‘lsa iniga qochib kirgan tulkiga o‘xshab qoldilar. Agar uni poylab o‘ltirsan, tutib olgaymiz. Tashlab ketsak, bizga ziyon yetkiza olmagaylar, — dedi.