Yurtdosh > Samarqand viloyati

Samarqand haqida she'rlar

(1/3) > >>

Mohinur:
SAMARQANDIM
(qo‘shiq)

Samarqandim, xalqning qadim tabarruk tumorisan,
Tarixining iftixori, istiqboli — borisan,
Shaharlarning eng azali, zargari, me’morisan,
Taraqqiyot poydevori, pok ko‘ngillar yorisan.

Moviy gumbaz, moviy osmon — quyoshli kunlaring go‘zal!
Ulug‘bekning yulduzlari tiniq tunlaringni bezar.
Mehmonnavoz, bulbulovoz shahrim uzra jonim sezar,
Yuksaklikka chorlab ro‘y-rost, bobolarim ruhi kezar.

Minoralar, tinglasang gar, izhor etsa yuragini,
Jahon anglar, oy, naqadar, Yerga tinchlik keragini.
Noning totli, suving totli, Alp-er To‘nga qurgan shahar,
Farzandlaring nomdor, zotli, ro‘yo bo‘ldi afsonalar.

Samarqandim, xalqning qadim tabarruk tumorisan,
Tarixining iftixori, istiqboli — borisan,
Shaharlarning eng azali, zargari, me’morisan,
Taraqqiyot poydevori, pok ko‘ngillar yorisan.

Baxtiyor Doniyorov

muxbir:
SAMARQAND BO'YLAB TUNGI SAYR

- Samarqand, ildizing qayerda?
Kechangni chiroqlar parchalab tashlagan,
tun bilan nur o'rtasida
uzun arvohlar -
minoralar kеtib borar
kеlajak sari,
ba'zan
oyga boqib
to'xtab qolishar
(azon sasi urildimi quloqlarga?)
Zinalaringdan
choponiga o'ralgan
so'fi emas,
mеn o'rlab borayapman
falak
pеshtoqiga
va yеrga boqib notinch shivirlaman:
- Samarqand, ildizing qayеrda?


Mador bo'lgin endi umidlarimga,
mеning to'rt ming yillik bog'im!
Bir yaprog'ingman:
Yo'qotgim kеlmaydi ildizlarimni.

Ana, osmonning qurboni - shahid rasadxona,
ana, tarixning ko'milgan bеshigi - Afrosiyob...
Nеcha asr bo'ldi o'shanga?

- Tuproq, qani,
yoril!
Samarqand, ildizing qayеrda?

Yulduzlar orasida kеlajak yo'li,
Zamon poеzdini
Qalbim,
Qorqmay tort!
Va bitta vagonga
bobolar ruhini,
Qaygu alamini,
shavkat-shonini,
ushalmagan orzusini ort!

Bu kimlar?
Qaydaman?
Rеgiston, sеnmi?
Nеchun sеnga kеlsam,
kuksimni tuldirar jumlai jahon?
Balki anov moviy gumbaz tagida еtgan,
bobolarim
armonining
shamolidir bu?

Ammo ovozlar chiqar zamin qa'ridan:
Mеn, - dеydi (Spitamеn, sеnmisan?).
Mеn, - dеydi (Ulugbеk, sеnmi?),
Biz, - dеydi guvillab bir lashkar -
kеlajakka ergashib kеlar
sarbadorlar!

Samarqand, ildizing...
Savol ortiqcha...
Tеgramda mеn bilan o'ylanib,
mеn bilan qiynalib,
ildizga aylanib borar bir kеcha.

Usmon Azim.

Assalamu alaykum.
Menga Mashhurani xabar berishlariga qaraganda bu she'r muallifi Usmon Azim ekan.Shuning uchun bu xabarni tahrir qildim. Rozi bo'lasiz...

muxbir:
Karvonlar keladi yeti iqlimdan
Shohilar, chinnilar ortishib toy-toy
Bog’lari jannatdan nusha ko’chirgan
Yegani bol bo’lgan, tishlagani moy

Tilanmagan hech kim dunyoni, erkni
Gadolar boy bo’lgan bu yurtga kelib
Bog’bonining qizi malika bo’lgan
Cho’rilar oy bo’lgan bu yurtga kelib
Ayolin husnidan oy xijolatda
Aqliga tan bergan shohi, donosi
Hech qursa xon bo’lgan tuqqan o’g’ili
Hechsa donishmandning bo’lgan onasi

Shohlari mard bo’lgan, yurt olar bo’lsa
Butun yer yuzini olgan muljalga
Erlari mard bo’gan, gar sevib qolsa
Ikki shahar bergan bir dona holga

Dunyoni besh yuz yil o’qitib yetgan
Alisher bu yurtga tahsilga kelgan
Mangulikdan mangu shunday buyuk zot
Samarqandni aziz mehrob deb bilgan

Jannat ko’kartgani kamday tuprog’i
Ko’ksiga mukarram boshlarni olgan
Jonin bersalar ham o’zga yurtlarda
Shohlarning jasadi shunda ko’milgan

Bu tuproqda metin bardosh bo’lmasa
Jahongir Temurni qanday quchardi?
Balki Ulug’bekning hayoli birlan
Yulduzlarga tomon qushday uchardi

Bu tuproqda agar bo’lmasa bir siz
Ho’ja Ahror Valiy bosh qo’yarmidi?
Bibihonim yig’lab ko’zida surtib
Orzularin aytib yosh qo’yarmidi?

Hizir nazar slogan duo ketgan yurt
Qo’shiqqa aylanuq har azob, har dard
Shu yurt deb yashasang, o’lsang arziydi
Ikki dunyoda ham bitta Samarqand!!!

Xosiyat Bobomurodova

muxbir:
SAMARQAND HAQIDA ODDIY SATRLAR

Men bilaman,
U meni juda yaxshi ko'radi.
U mening tushlarimga kirmoq istaydi,
U meni bag'riga bosmoq istaydi,
Ko'rmoq bo'lar mening sog'inchimni.

U bobolarim tushini so'ylab bermoqchi,
Faqat qo'rqar sig'armikan ular bag'rimga.
U mening barcha orzularimni bilmoqchi,
Faqat qo'rqar sig'armikan ular bag'riga.

U mening onamga o'xshaydi -
Ko'zlari ma'yusdur uning ham.
U mening bolaligimga o'xshaydi -
U ham menga yozolmaydi xat.

Xurshid Davron

NuR_BeK:
Samarqandga qachon...

Yo'lga boqib toldi ko'z qirim,
Suyagimni ezdi izg'irin,
Xush gap bilan dilni yoz qiling
Samarqandga qachon boramiz?

Unda ungan har bir giyohi,
Handalakbo'y qizlar nigohi
Tushlarimga kiradi gohi -
Samarqandga qachon boramiz?

Gulxan bo'ldi lablarimda so'z,
Dardlarimga yig'lar bunda kuz,
O'z ko'ksiga xanjar urgan do'st
Samarqandga qachon boramiz?

Yog'du edim, tongim qoraydi,
Men keng edim, olam toraydi,
Ko'ksimda bir qushcha so'raydi:
Samarqandga qachon boramiz?

Bu dunyoning asli biri kam,
Bir burji baxt, bir burjida g'am,
Ayt, ne uchun ko'zlaringda nam
Samarqandga qachon boramiz?

Andijon deb yig'ladi Bobur,
O'z yurtiga sig'madi Nosir,
Qodiriyning ko'zlari sohir
Samarqandga qachon boramiz?

O'z elingda hursan, sabosan,
Garchi shoxsan, zo'rsan, dahosan,
Yurting bo'lsin, garchi gadosan -
Samarqandga qachon boramiz?

Nurullo Oston

Navigation

[0] Message Index

[#] Next page

Go to full version