- Nahotki? - so’radi u ko’zini mushaklardan uzmay.
- Sen ham shunday bo’lasan, - dedi Buxer. Demen o’girilib unga qaradi. Ularning ko’zlari uchrashdi. Buxer past ohangda ovozi qaltirab gapirdi:- Kechirasan, Injildan bir parcha aytib beraman: «Go’daklik chog’imda go’daklarcha gapirardim, go’daklarcha o’ylardim, go’daklarcha muhokama qilardim; er kishiga aylanganimdan so’ng go’dakcha odatlarimni bas qildim». Vaqti kelib, sen «go’daklik»ni bas qilasan va «o’z asling» bilan to’qnash kelasan. - Men kimman?
Buxer bosh irg’adi. - Buyuk davr, Demen. Sen buni his qilayotgan bo’lishing kerak.
Demenni hayajon bosdi. Dastlab u, Buxer Richardni chalish uchun undan foydalanmoqchi, deb o’ylagandi. Lekin Demen bir necha oydan beri his qilayotgan tuyg’uni aynan Buxer so’z bilan ifodalab bergandi.
- Shunaqa bo’lsa kerak, - sekin gapirdi Demen, - men... unchalik ishonchim komil emas... lekin... menga nimadir bo’layotganini... bo’lmoqchiligini... his qilyapman.
- Taqdirni oldindan his qilish, shunday emasmi? - Buxer kuldi.
- Bu hammamizda bor. Otangda ham, Bill Axertonda... menda ham. - U sekinladi, so’ng gapirish ohangi o’zgardi: - Men ham yetim o’sganman, buni bilarmiding?