JANNATGA BIRINCHI KIRADIGANLAR FAQIRLAR EKANI HAQIDA.
Ibn Muborak aytadi: "Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi va sallam oldlariga keldi va: "Ey Rasululloh (s.a.v.), qiyomat kunida Alloh taolo bilan hamsuhbat bo‘luvchilar haqida xabar bering", dedi. Rasululloh (s.a.v.): "Ular Allohdan qo‘rquvchilar, Allohga bo‘yinsunuvchilar, o‘zlarini kamtar oluvchilar, Alloh taoloni ko‘p zikr qiluvchilar", dedilar. U kishi: "Ey Rasululloh(s.a.v.), jannatga birinchi kiruvchilar ham o‘shalarmi?" deb so‘radi. U zot: "Yo‘q", dedilar. U keyin: "Unda, jannatga birinchi kiradiganlar kimlar?" deya so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Faqirlar jannatga kirishda boshqalardan o‘zib ketadi. Shunda ularning oldidan farishtalar chiqib: "Hisob-kitobga qaytinglar!" deydi. Faqirlar: "Nimamizga hisob-kitob qilinamiz? Allohga qasamki, bizlarda mol-davlat bo‘lmagan bo‘lsa, uni ba’zilardan qiz-g‘anib, ba’zilarga isroflarcha sarf qilmagan bo‘lsak. Shuningdek, bizlar amir ham emas edikki, ba’zilarga adolat qilib, ba’zilarga zulm etgan bo‘lsak. Biroq bizlarga Alloh-ning amri keldi, biz Unga ibodat qildik va to huzuriga kelgunimizga qadar Unga toatda bo‘ldik", deydi. Shunda ularga: "Jannatga kiringlar, amal qiluvchilarning ajr-mukofoti naqadar yaxshi!" deyiladi".
Nabiy sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Faqirlar haqida Alloh taolodan qo‘rqinglar! Chunki Alloh taolo qiyomat kunida: "Bandalarim ichidan tanlaganlarim qani?" deydi. Farishtalar: "Ey Parvardigor, ular kimlar?" deb so‘raydi. Sho‘nda Alloh taolo aytadi: "Ular qadarimga rozi bo‘lgan, sabr qilgan faqirlardir, ularni jannatga kirgizinglar!" Bas, ular jannatga kiritiladi. Faqirlar yeb-ichib turganida, boylar hali hisob qilinayotgan bo‘ladi".
Abu Said Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Muhojirlarning faqirlari jannatga boylaridan besh yuz yil oldin kiradi" (Termiziy rivoyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Faqirlar jannatga boylardan besh yuz yil oldin kiradilar, u yarim kundir". Roviylarning boshqa silsilasidan kelgan hadisda: "Musulmonlarning faqirlari jannatga boylardan yarim kun, ya’ni, besh yuz yil oldin kiradi", deyilgan (Hasan sahih).
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning: "Musulmonlarning faqirlari jannatga boylaridan yarim kun oldin kira-di", deganlarini eshitdim. Shunda: "Ey Rasululloh(s.a.v.), yarim kun qancha?" deb so‘rashdi. U zot: "Besh yuz yil", dedilar. "Bir yili necha oy?" deyishdi. "Besh yuz oy", dedilar: "Bir oy necha kun?" deyishdi so‘ng. "Besh yuz kun", dedilar. "Bir kuni qancha?" deb so‘rashgan edi, "Sizlar sanaydigan kundan besh yuztasi", dedilar Rasululloh".
Jobir ibn Abdullohdan rivoyat: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Musulmonlarning faqirlari boylaridan qirq kuz (ya’ni, qirq yil) oldin jannatga kiradi" (Hasan sahih).
Ibn Amr aytadilar: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: "Muhojirlarning faqirlari qiyomat kuni jannatga boylardan qirq kuz oldin kiradi" (Muslim rivoyati).
Hadislardagi miqdorlarning turli xilligi faqirlarning holatlari turliligi bilan bog‘liq, shuningdek, boylarning ham.
Shu bilan birga, faqirlarning jannatga birinchi kirganlari boylarning birinchi kirganlaridan qirq kuz, ya’ni, qirq yil, oxirgi kirganlaridan besh yuz yil oldin, deyish ham mumkin.
Bu bobda kelgan hadislardan faqirlik boylikdan afzal ekani ham tushuniladi. Ammo ulamolar bu xususda bahs qilishgan. Hatto kitoblar, boblar bitilib, har bir fikr egasi o‘ziga yarasha hujjatlarni keltirishgan.
Abu Ali Daqqoqdan: "Qaysi sifat afzal: boy-behojatlikmi yoki faqirlik?" deb so‘rashdi. U kishi: "Boy-behojatlik, chunki u Allohning sifati, faqirlik esa, bandaning. Allohning sifati bandaning sifatidan afzal, Alloh taolo: "Ey insonlar, sizlar Allohga muhtojdirsizlar. Allohning O’zi (barcha olamlardan) behojat va (barcha) maqtovga loyiq zotdir" (Fotir, 15), degan", dedi.
Xullas, faqir — Allohning quli-bandasi. Garchi unda mol ko‘p bo‘lsa ham, u Allohning quli. U boydir, qachonki Alloh taologa suyansa va Undan boshqaga qaramasa. Aksincha, butun e’tibori dunyoga bog‘lanib qolsa va o‘zini molga muhtoj bilsa, u haqiqatda molning quli bo‘lgan faqirdir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Dinorning quli nochor bo‘pti", deganlar. Bu hadisni Buxoriy va boshqalar keltirganlar.
Bandaning sharafi esa, Allohga muhtojligi, Uni ulug‘lashi, Unga bo‘yinsunishi bilandir. Agar bo‘yin Allohga tavoze’ bilan egilsa, shu egilish uning azizligidir.
Mol-davlatga bog‘lanib qolgan, unga haris va rag‘batli bo‘lgan boy haqiqatda bechoradir. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Boylik mol-davlatning ko‘pligi bilan emas, balki nafsning boyligi bilandir", deganlar (Muslim rivoyati). Banda kifoya qiladigan narsaga qanoat etishi lozim. Chunki u tong otguncha yoki kech tushguncha bormi, yo‘qmi, bilmaydi.
Boylik ham, faqirlik ham mol-davlatning ko‘p yoki kamligida emas. Bu yerda eng oliy uchinchi daraja ham bor. U Rasululloh sollallohu alayhi va sallam so‘ragan "kaffof", ya’ni, insonlarga muhtoj bo‘lmaydigan darajadagi o‘rtacha rizkdir. U zot: "Ey Allohim, Muhammad oilasining rizqini yetarli qil", deb so‘raganlar. Ma’lumki, Rasululloh sol-lallohu alayhi va sallam hamisha holatlarning afzalini, daraja va amallarning oliyini so‘raganlar.
Shuningdek, hamma olimlar o‘ta faqirlik ham, tug‘yonga olib boruvchi boylik ham yomonligiga ittifoq qilishgan.
Ibn Mojaning "Sunan"ida Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: "Qiyomat kuni faqir ham, boy ham, dunyoda menga yetarli darajada rizq berilganida edi, deb orzu qilib qoladi". Yetarli rizq esa, nochorlik bilan behojatlikning o‘rtasidir.
Darhaqiqat, Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Ishlarning yaxshisi o‘rtachasidir", deganlar. Chunki o‘rtahollik tug‘yonga olib boruvchi boylik ofatidan ham, Rasululloh sol-lallohu alayhi va sallam panoh so‘ragan o‘ta nochorlikdan ham salomat bo‘lishdir.
Sohibi kaffof — o‘rtahol odam dunyo ne’matlari-yu shodliklarida dabdaba qilmaydi. Uning holati faqirnikiga yaqin. Unga ham sabri uchun faqirga beriladigan savob beriladi. Shunga ko‘ra o‘rta hol kishilar ham, inshaalloh, jannatga faqirlar qatorida boylardan besh yuz yil oldin kiradi. Chunki ular o‘rtacha hayot kechiradilar, boy emaslar. O’rtachalik esa, ayni adolatdir. Alloh taolo:
"Shuningdek, sizlarni boshqa odamlar ustida guvoh bo‘lishingiz va payg‘ambar sizlarning ustingizda guvoh bo‘lishi uchun o‘rta (adolatli) bir millat qildik" (Baqara, 143), degan.
Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: Umar roziyallohu anhu: "Jobiya degan joyda xutba qilib dedi: "Ey insonlar, men sizlarning orangizda qoim bo‘lib turibman, xuddi Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bizning oramizda qoim bo‘lganlaridek. U zot: "Sizlarga ashobimni va ulardan keyingilarni mahkam tutishingizni vasiyat qilaman. So‘ng yolg‘on yoyiladi, hatto qasam ichish talab qilinmasa ham, odamlar qasam ichadi, guvohlik so‘ralmasada, guvohlik beradi. Kishi nomahram ayol bilan xoli qolmasin, agar qolsa, uchinchisi shayton bo‘ladi", degan edilar. Jamoatni mahkam tutinglar, firqalanishdan saqlaninglar, chunki shayton yolg‘iz odam bilandir, ikki kishidan esa, uzoqdir. Kim jannat ne’matlarini xohlasa, jamoatni tutsin. Kim yaxshiliklardan xursand bo‘lsa va yomonlikni yomon ko‘rsa, ana o‘sha mo‘mindir" (Termiziy rivoyati).