Ikkinchi tur esa asosan toat-ibodati xususida bo‘ladi. Banda eng avvalo farz amallarni qanday ado etish, qanday qilib nuqson va kamchiliklardan tiyilish va nafl amallarni ko‘paytirish bilan o‘zidagi kamchiliklarni tuzatishga qaraydi. So‘ng asta-sekin Alloh taolo nazdidagi mahbub amallar xususida fikr qilish yo‘lini tutadi. Masalan, u aytadiki: «Albatta ko‘z osmonlar va yerdagi mavjudotga ibrat nazari bilan boqish va Allohning kitobi va Rasul alayhissalom sunnatiga qarash uchun yaratilgan. Allohning kitobi va Rasul alayhissalom sunnatiga qarab, men ko‘zimni Qur’on va hadis mutolaasi bilan band etishga qodirman, nega shunday qilmayman? Falonchi taqvodor kishiga hurmat nazari bilan qarab, qalbiga surur bag‘ishlashga yoki falonchi fosiqqa nafrat nazari bilan qarab, uni gunohlaridan to‘xtatishga qodirman, nega shunday qilmayman?», deydi.
Shuningdek, qulog‘i to‘g‘risida ham: «Men bu qulog‘im bilan Mushaf, hikmatli so‘zlar, ilm, qiroat va zikrni tinglashga qodirman. Menga nima bo‘lganki, bunday qilmayman? Alloh taolo uni menga ne’mat qilib bergan-ku, shukr qilishim uchun omonat tarzida topshirib qo‘ygan-ku? Menga nima bo‘lganki, vaqtimni zoe ketkazish va yalqovlik bilan Alloh bergan ne’matga kufr keltirayotirman», deydi.
Shuningdek, tili to‘g‘risida ham shunday fikrlab, deydiki: «Men haq yo‘lida ta’lim berish, va’z(nasihat) aytish, solih kishilar qalbiga muhabbat ulashish, faqirlar holini so‘rash, solih Zayd bilan olim Amrning qalbini yaxshi so‘z bilan quvontirish orqali Alloh taologa qurbat hosil qilishga imkonim yetadi. Har bir yaxshi so‘z ham sadaqa o‘rniga o‘tadi».