AN’OM SURASI Makkada nozil qilingan va bir yuz oltmish besh oyatdan iborat bu surada so‘z e’tiqod va iymon mohiyati ustida boradi. U mavzu e’tibori bilan Madinada nozil bo‘lgan Baqara, Ol-i Imron, Niso va Moida suralaridan keskin farq qiladi. Bu surada islomiy jamiyatning o‘ziga xos belgilari — ro‘za, haj, oilaviy masalalar yoki jihod hukmlari, yoxud ahli kitoblar va boshqalar xususida so‘zlanmaydi. Balki unda e’tiqod va iymonga aloqador markaziy masalalar — Allohning zoti va sifatlari, vahiy va payg‘ambarlik mohiyati hamda qayta tirilish va qiyomat kunida bo‘ladigan hisob-kitob borasida so‘z yuritiladi.
«An’om»dagi oyatlar Alloh yaratuvchilikda ham, shariat qonunlarida ham, ma’budlikda ham yagona, deb uqtiradi. Yana u payg‘ambarlar otasi - Ibrohim alayhis-salom va uning zurriyotidan bo‘lgan bir qancha payg‘ambarlar haqida hikoya qiladi. Bulardan tashqari, yashab turgan dunyomiz inson uchun sinov-imtihon olami ekanligi aytilib, inson bu dunyoda Allohning xalifasidir, deb ta’kidlanadi. Binobarin, bu dunyoni obod-osoyishta qilish ham, xarob-vayronaga aylantirish ham insonning o‘z qo‘lida ekanligi yana bir bora eslatib o‘tiladi. Boshqa suralar bo‘linib-bo‘linib, har xil muddatlarda nozil qilingani holda bu sura Makkada bir kechada daf’atan to‘la nozil bo‘lgan.
Bu surada yana chorva hayvonlari va ular haqidagi xukmlar ham bayon etilgani uchun u «An’om» — «Chorvalar» deb ataladi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman).1. Hamdu sano osmonlar va yerni yaratgan, zulmatlar va nurni taratgan Alloh uchundir. So‘ngra (ya’ni Uning shunday yagona ekanligi haqidagi hujjatlarnk ko‘ra turib) kofir bo‘lgan kimsalar Parvardigorlariga (o‘zgalarni) tenglashtiradilar.
2. U sizlarni (Otangiz Odam Atoni) loydan yaratib, so‘ngra ajalni (ya’ni tiriklik muddatini) belgilab qo‘ygan zotdir. Uning huzurida yana bir belgilangan ajal (ya’ni tirilish muddati) bordir. Shundan keyin ham sizlar (ey kofirlar) shak-shubha qilmoqdasiz.
3. U osmonlaru yerdagi yakkayu yagona Allohdirki, sizlarning yashirgan va oshkor qilgan narsangizni ham, qilgan kasbu koringizni ham bilur.
4. Ularga (ya’ni kofirlarga) Parvardigorlarining oyatlaridan biron oyat kelsa, albatta, undan yuz o‘giruvchi bo‘ldilar.
5. Ularga haq (Qur’on) kelganda uni ham yolg‘on dedilar. Endi yaqinda ularga o‘zlari masxara qiluvchi bo‘lgan narsaning xabarlari kelajak (ya’ni Qur’onda aytilgan xabarlar haq ekanligini bilib oladilar).
6. Ulardan ilgari necha asrlarni (zamonlarni) halok qilganimizni ko‘rmadilarmi?! Ularga (ya’ni o‘sha asrlarda yashagan odamlarga) yerda sizlarga bermagan joylarni bergan, ustlaridan samoni (ya’ni yomg‘irni) serob qilib yuborgan, ostlaridan daryolarni oqizib qo‘ygan edik. Bas, gunoxlari sababli o‘shalarni ham halok qildik va ulardan so‘ng yana boshqa asrlarni paydo qildik.
7. (Ey Muhammad), agar sizga qog‘ozga (yozilgan) bir maktub tushirsak va uni qo‘llari bilan ushlab ko‘rsalar ham kofir bo‘lgan kimsalar: "œBu ochiq sehrdan o‘zga narsa emas!", degan bo‘lur edilar.
8. «Unga (ya’ni Muhammadga payg‘ambarligini tasdiq etadigan) biron farishta tushsa edi», dedilar. Agar farishta tushirsak, ish tugatilgan bo‘lur edi. So‘ngra ularga qarab turilmas.I z o h.
Buni shunday tushunmoq lozim: agar osmondan ular talab etgan farishta tushsa-yu, shundan keyin ham iymon keltirmay kufrlarida oyoq tirab turib olsalar, «ish tugatilgan», ya’ni hech qanday muhlat berilmay, ular darhol halok qilingan bo‘lur edilar. Ayrim ishonmaydigan kimsalar: «Agar payg‘ambar bizga o‘xshagan odam ekan, farishta bo‘lganida unga iymon keltirardik», deganlarida, ularga javoban quyidagi oyat nozil bo‘ldi.