Shukr: Odamning o‘z ahvolidan xursand bo‘lib, Allohga minnatdorchilik bildirishi demakdir. Shukr olam sohibi bo‘lgan Allohni ulug‘lash, Allohni madh etishdir. Alloh bergan hisobsiz ne’matlarning qimmatini anglab, ularni nojo‘ya ishlar uchun emas, balki Alloh yo‘lida va Alloh ishida qo‘llashidir.
Allohning odamlarga behisob ne’matlari bor. Odamzodni yo‘qdan bor qilgan Allohdir. Yeganlarimizni, ichganlarimizni yaratgan, sog‘liq berib bizni yashatgan Allohdir. Aql, ruh berib, jismimizga kuch-quvvat berib, turli ishlarini amalga oshirishga muvaffaq qilgan Allohdir. Biz uchun, bizning umrimiz va xizmatimizga tabiatdagi hamma narsani: havoni, suvni, o‘simliklarni va barcha hayvonlarni yaratgan Allohdir. Odam ashraful maxluqotdir, ya’ni mavjudotlarning eng sharaflisidir. Shunday ekan, Allohga shukr qilib, bu ne’matlarning haqiqiy sohibini hamisha yodda tutishimiz lozim.
Qur’oni karimda: "Agar Allohning ne’matlarini sanasangizlar, sanog‘iga yetolmaysizlar", — deyiladI ("Ibrohim" surasi, 34-oyat). Oddiy hayotimizda biron kishidan yordam olsak, uning biron ne’matiga erishsak, rahmatlar aytib, u kishini hurmatlaymiz. Hisobsiz yordamlari va ne’matlari uchun Allohga shukr qilishimiz kerak.