Adolat bilan harakat qilish"¦
Mo‘minlar guvohi bo‘lgan, eshitgan va hatto ko‘chada mutlaqo notanish odamlar orasida yuz bergan biror adolatsiz hodisaga ham jimgina, loqayd qarab tura olmaydilar. Qur’on axloqiga amal qilish ularni har qanday haqsizlikning oldini olish, mazlum haqqini undirish, adolatsizlikning juda kichik ko‘rinishini ham bartaraf etishga undaydi. Mo‘minlar adolat tantanasi uchun o‘zlarining butun imkoniyatlarini ishga soladilar. Ular oxiratda o‘zlari guvoh bo‘lgan adolatsizlikka barham berish uchun nima qilganliklari haqida so‘ralishini biladilar. Shu sababli ular doimo turli nohaqliklarni adolat tarozisida bartaraf etish mas’uliyati bilan yashaydilar. Ko‘pchilik kabi "ko‘rmadim", "bilmadim" deb mas’uliyatdan, javobgarlikdan qochish mo‘minlarga xos emas.
Qur’on axloqi nafsning havoyi orzulariga zid kelishiga qaramay, o‘z yaqinlarining zarariga bo‘lsa ham, odamlarni ota-ona, tanish-notanish, boy-kambag‘alga ajratmay adolat qonunlariga rioya qilish shart. Chunki Alloh bizdan shuni talab qiladi.
Misol uchun, qaynona-kelin munosabatlaridagi haqsizlik ko‘p oilalarda yozilmagan qonun darajasiga ko‘tarilgan, ya’ni odatiy holga aylangan. E’tibor bersak, qizi bor qaynonalar qizlari zimmasidagi o‘z kirini o‘zi yuvish, dazmollash, xonasini tozalash kabi vazifalarni yoki ro‘zg‘orning kundalik boshqa yumushlarini ham to‘laligicha kelinlari zimmasiga yuklab qo‘yadilar. Yaxshi ovqatlanish, yangi kiyim kiyish, dam olish, davolanish masalalarida esa ko‘proq qizlariga e’tibor beradilar. Natijada juda katta haqsizlik va zulm yuzaga keladi. Bu kabi achinarli holatdan kelinning eri ham, qaynota ham, oilaning boshqa a’zolari ham xabardor. Lekin ularning birortasi adolat nuqtai nazaridan ish tutib, bu kabi masalalarga aralashishni lozim topmaydilar.
Er onasining yuzidan o‘tib, xotiniga yon bosa olmasa, qaynotaga o‘z qizi sevimli ko‘rinadi. Holbuki, oiladagi adolat tarozisining muvozanatini saqlash ko‘proq erkaklar zimmasiga tushadi.