424. Ali ibn Abu Tolib (r.a.) aytadilar: "Jum’a kuni bo‘lsa, shayton o‘zining yordamchilari bilan odamlarni bozorlarida ushlab qolish uchun chiqadi. Ularning qo‘llarida bayroqlari bo‘ladi. Maloikalar masjidning eshigi oldiga o‘tirib olishib, odamlarning o‘tirgan o‘rinlariga qarab yozaveradilar, to imom minbarga chiqguncha. Kim imomga yaqinroq o‘tirib, jimlik bilan eshitsa, behuda so‘z qilmasa, unga ikki xazina ajr bo‘ladi. Kim imomga uzoqroq yerda o‘tirib, xutbaga quloq solsa, lag‘v qilmasa, unga bir xazina ajr bo‘ladi. Kim imomga yaqin kelib, bekorchi gaplarni gapirsa va xutbani eshitmasa, unga ikki xazina gunoh bo‘ladi. Kim, jim turgin, desa ham, gapiribdi, gapirsa, lag‘v qilibdi. Kim lag‘v qilsa, jum’asidan mahrumdir".
Keyin Ali (r.a.) aytdilar: "Bu gaplarni Payg‘ambaringiz sollallohu alayhi vasallamdan eshitganman".
Faqih aytadilar: Eshitishimizcha, Solih Marriy jum’a kechasida jome’ masjidda bomdodni o‘qimoqchi bo‘lib kelayotib, qabriston oldidan o‘tdi. Tong otguncha shu yerda turib turay, deb maqbaraga kirdi va ikki rak’at namoz o‘qidi. Keyin qabrga suyanib o‘tirib, ko‘zlarini uyqu elitdi. Tushida ahli qabrlarning qabrlaridan chiqib kelayotganini ko‘rdi. Ular halqa-halqa bo‘lib olishib, o‘tirib gaplasha boshladilar. Bir payt kir kiyimda bir yigit chiqib kelib, chekkada xafa holda o‘tirdi. Ko‘p o‘tmay, haligilarga ro‘molchalar bilan o‘ralgan sovg‘alarni olib kelishdi. Har birlari o‘ziga kelgan sovg‘alarni olib, qabrlariga kirib ketishdi. Haligi yigitga hech narsa kelmadi, xafa bo‘lib, qabrga kirmoqchi bo‘layotganida: "Senga nima bo‘lgan?" deb so‘radi. Yigit: "Ey Solih Marriy, siz tovoqlarni ko‘rdingizmi?" dedi. "Ha, ular nima edi?" deb so‘radi. "Ular tiriklarning o‘liklarga sovg‘asidir, — dedi, — ularning birodarlari jum’a kuni sadaqalar qilishadi, men sind ahlidan edim, onam bilan haj uchun yo‘lga chiqdim, Basraga kelganimda vafot etdim va onam mendan keyin erga tegdi, eriga mening ham bir o‘g‘lim bor edi, deb aytmadi, keyinchalik onam dunyo bilan bo‘lib, meni tili bilan ham, ehsonlari bilan ham eslamadi, mening xafa bo‘lishga haqqim bor, chunki mendan keyin meni eslaydigan hech kim qolmagan".
Solih: "Onangning uyi qaerda?" deb so‘radi. So‘ng u uyining qaerdaligini aytdi. Tong ottirganidan keyin namozini o‘qib, o‘sha uyni so‘rishtira boshladi. Odamlar unga uyni ko‘rsatib qo‘yishdi. Kelib, kirishga ruxsat so‘radi. "Men Solih Marriy bo‘laman", dedi. Ruxsat olgach, uyga kirdi va: "So‘zimizni hech kim eshitmasin", dedi. Oralarida parda bor edi. Yaqin borib: "Alloh senga rahm qilsin, o‘g‘ling bormi?" deb so‘radi. Onasi: "Yo‘q", dedi. "O‘zi o‘g‘ling bor edimi?" deb so‘radi. Onasi chuqur xo‘rsinib: "Yosh bir o‘g‘lim bor edi", dedi. So‘ng unga tushida ko‘rganlarini aytib berdi. Ayol yig‘ladi, ko‘zlaridan yosh duvillab oqardi. Keyin: "Ey Solih, u mening o‘g‘lim, yuragim unda edi, u qornimda ko‘targan bolam edi, siynalarim bilan unga sut berganman, quchog‘im unga yostiq edi, — dedi va unga ming dirham berdi, — buni ko‘zim quvonchiga sadaqa qilgin, uni endi qolgan umrimda duo va sadaqalar bilan eslab turaman", dedi so‘ngra.
Solih Marriy aytadi: "U yerdan ketganimdan keyin ming dirhamni sadaqa qildim. Bir jum’a kuni jum’ani o‘qiyman deb, ketayotib, o‘sha qabristonga keldim va ikki rak’at namoz o‘qidim, so‘ng qabrga suyanib ozgina uxlab oldim. Shunda men oldin ko‘rgan qavm chiqdi. O‘sha yigit ham ularning orasida oppoq kiyimda xursand holda yurardi. Keyin menga yaqinlashib aytdiki: "Ey Solih Marriy, Alloh seni yaxshi ajr bilan mukofotlasin, menga ham sadaqa yetib keldi", dedi. Men undan: "Jum’ani bilasizlarmi?" deb so‘radim. "Ha, uni havodagi qushlar ham biladi va solih kunga salom bo‘lsin (ya’ni, jum’a kuniga), deb aytishadi", dedi.