— Maryami Zamon, bu dunyoga hammamiz ham mehmonmiz. Umrim bitsa abadiy makonim mana shu yer bo‘lsin...
O‘g‘li Salim otasiga qarshi isyon ko‘targanidan Jodha Bay juda ezilib yurgan edi. Uyga qaytganlarida birdan ko‘ziga yosh oldi.
— Siz Salim tufayli bunday g‘amgin gaplarni aytmoqdamisiz, hazratim? Ammo Salimni men tuqqanman! O‘g‘il tufayli bu dunyodan kechmoq kerak bo‘lsa, avval men kechay! Menga ruxsat bering, Ollohobodga o‘zim boray! Agar Salim sizga qarshi qilich ko‘tarsa, o‘sha qilichga men avval o‘zimni tutay! Mayli, meni o‘ldirsin-u keyin bilganini qilsin!
Yig‘lab aytilgan bu so‘zlar Akbarni larzaga keltirdi. U Jodha Bayni bag‘riga bosdi-da, o‘rtanib dil yordi:
— Maryami Zamon, mening gunohlarim siznikidan ko‘proq! Shohlik udumlari qurib ketsinki, men-u sizni oilaviy baxtdan mahrum qildi. Shu udumga bo‘ysunib o‘g‘ilni to‘rt yoshidayoq sizdan ayirdim, Farid Buxoriy kabi murabbiylarga ishonib berdim! O‘g‘il tarbiyasiga ko‘proq qunt qilmaganimdan endi ming pushaymonmen! Bolaga qanchalik mehr-u e’tibor bersang, u o‘shanchalik seniki bo‘lur ekan. Biz berolmagan mehr-u e’tiborni boshqalar bersa, bola ham o‘shalarniki bo‘lib ketar ekan! Men bu achchiq haqiqatni endi bilmoqdamen. Qaysi bir gunohimni aytayki, Salim hammasini ko‘paytirib, shishirib, o‘zimga qarshi zarbaga aylantirmoqda! «Ekkaningni o‘rasen!» deganlari rost ekan! Shaxsiy hayotda qanday gunohlar ekkan bo‘lsam, endi o‘g‘lim orqali shular¬ning yomon oqibatlarini o‘rmoqdamen. Maryami Zamon! Menga qo‘shilib siz ham qilmagan gunoh¬laringizning azobini tortmoqdasiz! Bu ne ko‘rgilik-ki, ruhim gunohlarga to‘lgan tanamdan bezor bo‘ldi! Shuning uchun bu besh kunlik dunyodan tezroq ketgim kelmoqda!
Rani Jodha Bay Akbarning bag‘rida yum-yum yig‘lar:
— Suyangan tog‘imizsiz, bizga rahm qiling! — derdi. — Hali ham menga ijozat bering. Borib Salimni boshlab kelay!..
— Salimga roja Ram Dasni elchi qilib yubordim. Javobini bilaylik... Keyin!..
Akbar Dakandan qaytishi kerak bo‘lgan Abulfazlni ham kutmoqda edi. Ora uzoq, otda qirq kunlik yo‘l, Abulfazlning hayallashini Akbar shundan deb bilar, uning o‘ldirilganini xayoliga ham keltirmas edi.
Lekin zilday og‘ir hislar vujudini bosib yotar, ruhi tushkun, bo‘lajak maqbara rejasi xayolidan nari ketmasdi.
Uyqusiz tunda o‘zi qo‘yiladigan maqbaraning xomaki rejasini chizdi-yu, ertasi kuni bosh me’morni maslahatga chaqirdi.
— Mavlono, o‘lim haq. Es borida etakni yopmoq¬chimen. Zamonlar o‘zgardi. Bu obida ota-bobolari¬mizga qo‘yilgan maqbaralardan boshqacharoq bo‘l¬mog‘i kerak.
Nozikta’b me’mor tirik odam bilan uning bo‘lajak qabri haqida gaplashishdan avval juda tortindi. Lekin Akbar o‘z maqbarasining baland peshtoqlari Samar¬qand obidalari kabi rang-barang bo‘lishi kerakligini, faqat koshinlar o‘rniga rangli toshlar tarashlanib, qanday gulchin qilinishini aytgani sari, me’morni uning g‘oyasidagi yangilik o‘ziga tortdi-yu, o‘ng‘aysizligi tarqab ketdi.
Dehlidagi Humoyun maqbarasining minoralari yo‘q edi. Akbar o‘z maqbarasining to‘rt tomoniga oq marmardan to‘rtta baland minora yasashni buyurdi.