22— Qur'on bu qissani hikoya qiladi
(Bolalar), kelinglar, Qur'on bizga bu qissani hikoya qilib bersin:
Havoriylar: "Ey Iyso ibn Maryam, parvardigoring bizga osmondan bir dasturxon nozil qilishiga qodirmi?" — degan paytlarida (Iyso ularga): "Agar mo'min bo'lsangizlar, Allohdan qo'rqinglar", deb javob qildi. Ular dedilar: "Biz (faqatgina) u dasturxondan eyishni va ko'ngillarimiz taskin topishini hamda sening rost so'zlaganingni aniq bilib, u dasturxonga guvohlik beruvchilardan bo'lishni istaymiz". (Shunda) Iyso ibn Maryam: "Ey Allohim, parvardigor, bizga osmondan bir dasturxon nozil qilginki, u avvalu oxirimiz uchun bayram va Sening oyat-mo''jizang bo'lib qolgay. Bizni (shu ne'matdan) bahramand qilgil. O'zing eng yaxshi rizq beruvchisan", deganida, Alloh aytdi: "Men uni sizlarga tushiraman. Ammo shundan keyin sizlardan kimda-kim kofir bo'lsa, uni shunday azobga giriftor qilamanki, butun olamlardan biron odamni unday azoblamagayman". (Moida: 112-115)