Ayol ularning kelishiga chidayolmadi,ko‘zyoshlarini tutolmadi. Bu kuyovi, bu nevaralari, ammo mana bu kim? Qani Xayriyasi? Qani, besh-olti yil avval yopinchiq yopinib kelib-ketib turadigan jigargo‘shasi? Yoshlik zavqiga to‘ymagan, dard ustiga dard chekkan, nihoyat ikki ma’sum go‘dagini qoldirib ketgan gul yuzlisi qani? U bir uyum tuproq bo‘lib, uning o‘rniga kelib o‘tirgan, bolalari uyiga ega chiqan bu xotin kim bo‘ldi? Ne yuz bilan bu uyga qadam qo‘ydi? Qizini esiga tushirib, «qara, qizingning hamma narsasiga men ega bo‘ldim», degani keldimi bu yerga? Ortiq o‘ylashga fursat bo‘lmadi. Shundoq o‘rniga to‘g‘ri kelib qo‘lini o‘pgan bolalariga «rahmat, sog‘ bo‘ling!» derkan, orqalaridan Fotimaxonim:
— Qalaysiz, yaxshimisiz, ona? — deb qo‘lini o‘pdi. Ayol yig‘lab yubordi.
Katta ona, nega yig‘laysiz?
Fotimaxonim oldinroq harakat qildi:
— Yig‘lamasinlarmi o‘g‘lim, qara, katta enang xasta-ku?
Odila Fotimaxonimning kuchog‘ida, Husayin esa buvisining o‘rnida o‘tirardi. Momo bemor bo‘lishiga qaramasdan Fotimaxonimning bolalarga munosabatini ko‘zdan qochirmasdi. To‘g‘risini aytganda, Fotima bolalarni o‘ziga jalb etishni uddalardi. Husayinning «ona» deyishiga «labbay, onasining joni" deya javob berishi bunga misoldir.Unga "œnima deysan" va hatto «jim, suhbatlashayapmiz» deya olishi mumkin edi. «Onasining joni» derkan, bunda o‘zini ko‘rsatishdan asar ham yo‘q, gapirishidan, ovoz ohangidan sezilmasdi. Aksincha, haqiqiy ona mehri, muomalasi bor edi unda. Kelganlar yana kelishni va’da etib hayrlasharkan,katta onaning ko‘nglida bir chimdim xuzur va xotirjamlik qoldirardilar.